AQSh Senatining respublikachi a’zosi Rik Skott Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni imkon qadar tezroq mamlakatni tark etib, Rossiya yoki Xitoyga boshpana izlashga chaqirdi.
Bu haqda u Fox News telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qilgan. Senatorning so‘zlariga ko‘ra, “Maduroning kunlari sanoqli” bo‘lib, Venesuelada yoki xalqaro miqyosda muhim o‘zgarishlar sodir bo‘lishi mumkin.
“Agar Maduroning o‘rnida bo‘lganimda, hozir Rossiya yoki Xitoyga yo‘l olardim. Uning hokimiyatdagi kunlari tugab bormoqda”, — dedi Skott.
U, shuningdek, Venesuela xalqining oxirgi prezidentlik saylovida Maduroga qarshi ovoz berganini, biroq saylov natijalari soxtalashtirilganini ta’kidladi. Senator Maduroni “diktator” va “narkotik kartel rahbari” sifatida atagan.
Rik Skottning fikricha, mamlakat ichida yoki tashqarisida ro‘y beradigan siyosiy voqealar Venesuelada yangi bosqichni boshlab berishi mumkin.


