Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.
Voqea Toshkent viloyatida sodir bo‘lgan. M.D. ismli yigit “Cobalt” avtomashinasi haydovchisi A.K. bilan Farg‘ona viloyatiga borishga kelishgan.
Mashina Toshkent–Farg‘ona yo‘nalishi bo‘ylab ketayotgan vaqt yigit Ohangaron shahrida yashovchi tanishidan buyum olishi kerakligini aytib, haydovchini Angren daryosi yaqiniga boshlab borgan. Shundan so‘ng mashinani to‘xtatishni so‘rab, kutilmaganda temir bo‘lagi bilan A.K.ning bosh qismiga bir nechta zarba bergan.
Keyin og‘ir jarohatlangan A.K.ning cho‘ntagidagi 325 ming so‘m pul va Samsung A3 rusumli uyali telefonini tortib olgan. Tahdid bilan qolgan pulni qayerga yashirganini so‘ragan. Jabrlanuvchi boshqa puli yo‘qligini aytganidan so‘ng yigit uning boshiga yana urib, o‘ldirgan.
M.D. jinoyatini yashirish maqsadida haydovchining jasadini chakalakzor ichiga tashlagan. Shundan so‘ng avtomashinani Angren daryosi bo‘yiga haydab kelib, yukxona va mashina tashqi tomonidagi qon dog‘ini, hamda barmoq izlarini yuvgan. Keyin avtomashinani o‘zi vaqtincha yashab kelayotgan ko‘cha boshiga tashlab ketgan.
Bu jinoyat 2020-yilning 5-yanvar sanasida sodir bo‘lganiga qaramay, 2021-yilda jinoyatchi qo‘lga olinib, hukm o‘qildi.
Keltirilishicha, unga nisbatan 19 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagan.
Avvalroq, Qashqadaryoda somon talashib pochchasini o‘ldirib qo‘ygan shaxs 18 yilga qamalgani haqida xabar bergandik.
Maftuna Rejabboyeva


