Joriy yil 9-dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Qo‘yliq bozoridagi tadbirkorlar mazkur savdo kompleksining ko‘chirilishiga norozilik bildirib, mashinalar yo‘lini to‘sib olgani aks etgan video tarqaldi. Video muallifining izoh berishicha, odamlar Qo‘yliq bozori yo‘l kengaytirilishi va yo‘l o‘tkazgich qurilishi munosabati bilan buzilishga tushgani va bozor hududiga kirish yopib qo‘yilganidan norozilik bildirib, yo‘lni to‘sishga chiqqan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB ning maʼlumot berishicha, besh nafar fuqaro MJTKning 195-moddasi (ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish) hamda 201-moddasida (yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzish) nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topilib, maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Qonunda 195-moddaga binoan bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
201-modda bilan esa bazaviy hisoblash miqdorining oltmish baravaridan sakson baravarigacha miqdorda jarimaga tortilishlari yoki o‘n besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olinishlari mumkin.


