Prezident qarori bilan Toshkent shahrida transport tizimini boshqarishni takomillashtirish va tirbandliklarning oldini olishga qaratilgan qo‘shimcha choralar belgilandi. Hujjatda poytaxt transport infratuzilmasini 2030-yilgacha modernizatsiya qilish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar tasdiqlandi.
Mazkur rejaga ko‘ra:
- jamoat transportidan foydalanish darajasi 60 foizga yetkaziladi;
- avtobuslar harakat tezligi o‘rtacha 18 km/soatdan 24 km/soatgacha oshiriladi;
- avtomobillar uchun 150 ming o‘rinli to‘xtash joylari tashkil etiladi;
- metro tarmoqlari uzunligi 103 kilometrga yetkaziladi.
Shahar transporti va yo‘l infratuzilmasini boshqarishga mas’ul Yo‘l harakatini tashkil etish markazi barpo etiladi. U transport, yo‘lovchi va piyodalar oqimlarini zamonaviy raqamli hamda “yashil” texnologiyalar yordamida monitoring qilib, shahar transport master-rejasini ishlab chiqadi.
Shuningdek, hududlardan kirib keladigan asosiy avtomobil yo‘llaridagi jamoat transporti bosh bekatlari (avtobus va metro) kesishmalarida transport vositalarining ko‘p qavatli to‘xtab turish joylarini tashkil qilish va Toshkent shahri yerusti metro liniyalari hamda yo‘l o‘tkazgichlari ostida, xavfsizlik talablariga rioya qilgan holda, transport vositalarining to‘xtab turish joylarini tashkil qilish kabi vazifalar belgilandi.


