Toshkent shahrida yashirin va kuzatilmaydigan iqtisodiyot hajmi 60 trillion so‘mga yetgani qayd etildi. Bu holat natijasida davlat budjeti yiliga qariyb 7,5 trillion so‘m daromaddan mahrum bo‘lmoqda.
Ma’lum qilinishicha, ayrim aksiz solig‘i to‘lovchilar ishlab chiqarish va realizatsiya hajmini yashirgani oqibatida 66 milliard so‘m soliq to‘lanmagan. Shu bilan birga, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish va soliq ma’murchiligi bo‘yicha poytaxt soliq organlarining faoliyati mutlaqo qoniqarsiz ekani tanqid qilindi.
Xususan, qo‘shimcha qiymat solig‘i (QQS) to‘lovchilarning qariyb 30 ming nafari biror so‘m QQS to‘lamagan. Savdo, servis va umumiy ovqatlanish sohalarida o‘rnatilgan nazorat-kassa texnikalarining qariyb 25 foizi amalda ishlatilmayotgani aniqlangan.
Shuningdek, ayrim soliq idoralari rahbarlarining budjet tushumlarini oshirish o‘rniga noqonuniy faoliyat yuritayotgan “tadbirkor”larga homiylik qilayotgani qayd etildi. O‘tkazilgan tekshiruvlar davomida 70 milliard so‘mlik soliq hisoblanmay qolgani ma’lum bo‘ldi.
So‘nggi ikki yil ichida Toshkent shahar soliq idoralarining 19 nafar xodimi korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlikka tortilib, davlat budjetiga jami 27 milliard so‘m zarar yetkazilgani aniqlandi.
Xususan, o‘tgan hafta Mirzo Ulug‘bek tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i D.Usmanov egallab turgan lavozimidan ozod etilib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Aniqlanishicha, u inspeksiya binosining bir qismini shaxsiy maqsadlarda ijaraga berib, 315 million so‘m mablag‘ni o‘zlashtirgan, shuningdek xizmat faoliyatida guruhbozlik va maishatbozlikka yo‘l qo‘ygan.


