Glioblastoma — miya saratonining agressiv turi. U odatda juda tez kuchayib, o‘z vaqtida davolanmasa, sog‘lom nerv hujayralariga hujum qiladi va kognitiv funksiyani buzadi. Oqibatda bora-bora bemorga dori-darmonlar taʼsir qilmay qo‘yadi.
Buyuk Britaniyaning Kembrij universiteti va Irlandiyaning Triniti biotibbiyot fanlari instituti olimlari xuddi shu xavfli o‘smalarga qarshi samarali kurashish usulini topdi.
Tadqiqot donorlardan olingan Glioblastoma to‘qimalari namunalarida o‘tkazildi. Maʼlum bo‘lishicha, elektr toki orqali organizmdagi NK-hujayralar (tabiiy qotil hujayralar)ning miyadagi saraton o‘simtalarini yo‘q qilish “qobiliyat”ini oshirish mumkin.
Buni tasdiqlash uchun laboratoriya sharoitida “tabiiy qotil hujayralar”ga elektr maydonini hosil qiluvchi qurilma yordamida taʼsir ko‘rsatildi va kutilgan natijaga erishildi.
Aytish joizki, NK-hujayralar tug‘ma immunitetning ishlashida ishtirok etadigan limfotsitlardir. Olimlarning taʼkidlashicha, NK-hujayra terapiyasi ko‘pincha saratonning og‘ir turlarini muolaja qilishda qo‘llaniladi.
Tadqiqotchilar xulosasiga ko‘ra, elektr maydoni orqali davolash, immunoterapiya va onkologik kasalliklarga qarshi kurashishning boshqa usullari kombinatsiyasi Glioblastoma bilan og‘rigan bemorlarning sog‘ayish imkoniyatini sezilarli darajada oshirishi mumkin.


