20-avgust kuni Afg‘onistonning Mozori Sharif shahrida buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning yodgorlik majmuasi butkul buzib tashlandi. 2023-yilda haykalning o‘zi qulatilgan bo‘lsa, bu safar alloma haqida ma’lumot yozilgan devorlar ham olib tashlandi. Voqea “Tolibon” hokimiyatga kelganining to‘rt yilligida sodir bo‘lgani e’tiborni tortadi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi holat yuzasidan rasmiy izoh so‘raganini ma’lum qildi. TIV matbuot kotibi Ahror Burhonovning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston tomoni yodgorlik “buyuk allomaning xotirasiga munosib emasligi” sababli buzilganini bildirgan va yangi, yanada zamonaviy majmua qurilishini va’da qilgan.
Afg‘oniston tomoni, shuningdek, buzish ishlari Madaniyat va axborot vazirligi hamda keng jamoatchilik bilan kelishilmaganini tan olgan. Ular O‘zbekiston va Afg‘oniston xalqi uchun muqaddas bo‘lgan Navoiyning xotirasini asrashga sodiqligini ta’kidlashdi.
Yangi reja bo‘yicha hudud obodonlashtirilib, Navoiy hayoti va ijodiga oid ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan yozuvlar qayta tiklanadi. Shuningdek, yangi yodgorlik barpo etilib, u joylashgan maydonga “Alisher Navoiy” nomi berilishi rejalashtirilmoqda.
Bu voqea Afg‘onistonda O‘zbekiston bilan hamkorlik aloqalari rivojlanib borayotgan bir paytda yuz berdi. Kuni kecha ikki davlat o‘rtasida 243 million dollarlik energetika loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlar muhokama qilingani ham xabar qilingan edi.


