Toshkent shahrining Uchtepa tuman sudida A.T. (1974-yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan, ilgari sudlanmagan)ga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha sud jarayoni yakunlandi.
Sud hukmiga ko‘ra, A.T. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining:
156-moddasi 2-qismi (milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish),
244-1-moddasi 3-qismi “g” bandi (jamoat xavfsizligi va tartibiga tahdid soluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish),
244-3-moddasi (diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.
Sud tomonidan Jinoyat kodeksining 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash) qo‘llanilgan holda, 59 va 61-moddalar tartibida unga 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Belgilangan jazo umumiy tartibli koloniyada o‘tash belgilandi.
Shuningdek, sud qaroriga asosan, A.T. bilan bog‘liq bo‘lgan internetdagi Mubaşşir Ahmad va Azon Global – Muqobil axborot-tahliliy kanali nomli sahifa va kanallarning Facebook, Instagram, Telegram hamda YouTube platformalaridagi faoliyati to‘xtatilib, bloklanishiga qaror qilindi.
Sud hukmi ustidan qonunda belgilangan tartib va muddatlarda Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat keltirish mumkin.


