DXX va IIB oltin qaziyotgan 37 nafar shaxsni qo‘lga oldi, deya xabar bermoqda UzA axborot agentligi.
Qayd etilishicha, Shofirkon tumanidagi "Quljuqtov" va Konimex tumanidagi "Tovshan" tog‘ massivlarida joylashgan "Oltin Kon" MCHJ tasarrufidagi hududlarda o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida begona shaxslar tomonidan noqonuniy oltin qazib olish holatlari aniqlangan.
Aniqlangan holatlar yuzasidan materiallar DXXga yuborilgan va DXX, viloyat IIB bilan hamkorlikda tezkor choralar ko‘rilgan. "Quljuqtov" massivida o‘tkazilgan tadbir davomida 37 nafar shaxs noqonuniy faoliyat yuritayotgan paytda qo‘lga olingan.
Tadbir davomida, 3 ta Ford avtomashinasi, 8 ta perforator, 6 ta kompressor va tarkibida oltin moddasi mavjud bo‘lgan 400 qopga yaqin ruda va boshqa qo‘lbola yasama asbob-uskunalar ashyoviy dalillar sifatida olindi hamda noqonuniy faoliyat orqali davlat va jamiyat manfaatlariga jami 20 mlrd so‘mdan ortiq yetkazilgan zarar aniqlandi.


