Prezident Shavkat Mirziyoyev favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ularni bartaraf etish tizimini yanada takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi.
Aholi xavfsizligini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sanaladi. Biroq turli xatarlar kuchayib borayotgan hozirgi davrda mazkur sohada faoliyat yurituvchi tizimni zamon talablari asosida yangilash zarurati mavjud.
Ta’kidlanganidek, sohada 30 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilingan bo‘lsa-da, hali ham kompleks dastur ishlab chiqilmagan. Shuningdek, bundan 16 yil avval tasdiqlangan “Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun ham amaldagi sharoitlarga mos emas.
Shu bois, tezkor va proaktiv ishlaydigan, xavflarni oldindan baholay oladigan yangi tizimni yaratish vazifasi qo‘yildi.
Taqdimotda mutasaddilar mavjud muammolar, takliflar va tahlil natijalari haqida axborot berdi. Aholi orasida yuzaga kelayotgan favqulodda holatlarning 70 foizdan ortig‘i nosoz yoki eskirgan gaz va elektr jihozlaridan foydalanish hamda xavfsizlik madaniyatining pastligi bilan bog‘liq ekani qayd etildi.
Davlat rahbari bu borada ishlarni mahalla darajasigacha tushirib, xavfsizlik madaniyatini oshirish, profilaktika tadbirlarini har bir ko‘cha va xonadonni qamrab olgan holda tashkil etish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, sohada raqamli texnologiyalarni joriy etish, xabar berishdan tortib, oqibatlarni to‘liq bartaraf etishgacha bo‘lgan jarayonlarni raqamlashtirish, zamonaviy texnik vositalar bilan ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda foydalaniladigan texnika va jihozlarni ko‘paytirish, ularni mahalliy korxonalarda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish muhimligi qayd etildi.
Yangi texnologiyalar, “yashil” energetika va sanoatdagi o‘zgarishlar fonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan texnogen xavflarni baholash, zamonaviy mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimini yo‘lga qo‘yish zarurligi ham alohida ko‘rsatib o‘tildi.
Shu munosabat bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida dual ta’limni yo‘lga qo‘yish, malaka oshirish markazini tashkil etish, professional qutqaruvchilarni tayyorlash hamda ilmiy tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.


