Toshkent viloyatidagi Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Chirchiq shahridagi filiali shifokorlari tomonidan noyob tibbiy amaliyot muvaffaqiyatli bajarildi.
Homiladorlikning 33–34-haftasida kesarcha yo‘l bilan muddatidan oldin dunyoga kelgan siam egizaklar tug‘ruqdan 9 soat o‘tib, mahalliy sharoitda o‘ta murakkab, yuqori texnologik operatsiya orqali ajratib olindi.
Besh soat davom etgan jarrohlik amaliyoti Respublika perinatal markazi qoshidagi Neonatal jarrohlik markazi rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Baxtiyor Ergashev boshchiligidagi tajribali mutaxassislar guruhi tomonidan o‘tkazildi.
Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayorov bugun shifokorlar jamoasi va egizaklar holidan shaxsan xabar oldi.
— Bunday murakkab operatsiyalar dunyoning barcha davlatlarida ham amalga oshirilavermaydi, — dedi vazir. — Mamlakatimiz tibbiyotining viloyat darajasida ham shunday noyob amaliyotni muvaffaqiyatli bajarishga erishgani — yurtimiz sog‘liqni saqlash tizimi yangi bosqichga chiqqanining yaqqol isbotidir.
Operatsiyada ishtirok etgan bir guruh mutaxassislar “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash a’lchisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Sog‘ligi barqarorlashgan egizak chaqaloqlar va ularning onasiga bugun shifoxonadan uyiga ruxsat berildi.


