Namangan viloyatida bir fuqaroni ijtimoiy tarmoqdagi videolar orqali shantaj qilgan erkak ichki ishlar organlari tomonidan qo‘lga olindi, deb xabar berdi viloyat IIB matbuot xizmati.
Aniqlanishicha, Kosonsoy tumanida yashovchi erkak o‘ziga tegishli telefon orqali begona ayolning raqsga tushayotgan videotasvirlarini Instagram tarmog‘ida turlicha talqinda joylashtirgan. Ayol mazkur holatdan norozi bo‘lib, tasvirlarni o‘chirishni so‘raganida, erkak undan 350 ming so‘m pul talab qilgan va bank kartasi raqamini yuborgan.
Biroq ayol pulni o‘tkazganidan so‘ng ham erkak va’dasini bajarmay, videolarni tarmoqdan o‘chirmagan, balki profil nomini o‘zgartirib, yana o‘sha tasvirlarni qayta joylashtirgan. Ayol ikkinchi marotaba ham pul o‘tkazishga majbur bo‘lgan.
Mazkur holat bo‘yicha ayolning turmush o‘rtog‘i ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilgan. Tezkor chora ko‘rilib, shantaj yo‘li bilan pul undirishga uringan shaxs qo‘lga olingan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.


