Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida “Nexia-3” avtomobili Matiz bilan to‘qnashib, so‘ng kafega kirib ketdi. Bu haqda poytaxt Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Hodisa 21-oktabr kuni soat 15:30 larda Feruza ko‘chasida ro‘y bergan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, voqea vaqtida avtomobilni voyaga yetmagan bola boshqargan.
Hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmagan. Shunga qaramay, avtomobillarga hamda kafe binosiga moddiy zarar yetgan.
Ma’lum bo‘lishicha, bola mashinani uydan yashirincha olib chiqqan. Uning akasi hodisadan so‘ng jamoatchilikdan uzr so‘rab, voqeadan chuqur pushaymonligini bildirgan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan surishtiruv ishlari boshlangan. Hodisaning barcha tafsilotlari o‘rganilmoqda.


