Til — xalqning milliy o‘zligini, ma’naviy va madaniy qiyofasini belgilovchi eng muhim qadriyatdir. U millatning ruhiy birligi, tarixiy xotirasi va tafakkur tarzining ajralmas qismi sanaladi. O‘zbek tili esa ana shu qadriyatlarning yorqin timsoli, xalqimizning eng bebaho boyligidir.
Asrlar davomida o‘zbek tili turkiy tillar oilasining yetuk va boy tarmoqlaridan biri sifatida shakllanib, madaniy hamda adabiy jihatdan yuksak darajaga ko‘tarildi. Uning ildizlari qadimiy Orxun–Enasoy bitiklariga borib taqaladi. Turkiy xalqlar tarixida buyuk olim Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘otit-turk” asari o‘zbek tilining shakllanishi va rivojida muhim manba bo‘lib xizmat qilgan. Bu asarda bugungi o‘zbek tilida hamon qo‘llanilayotgan minglab so‘z va iboralar mavjudligi, tilimizning qadimiy ildizlarga ega ekanini ko‘rsatadi.
O‘zbek tili taraqqiyotida mumtoz adabiyot vakillarining hissasi beqiyos. Hofiz Xorazmiy, Sakkokiy, Lutfiy, Atoiy, Amiri, Yaqiniy kabi adiblar o‘z ijodida tilning badiiy kuchini namoyon etganlar. Ammo o‘zbek tilining eng yuksak cho‘qqilarga ko‘tarilishida buyuk mutafakkir, adabiyot sultoni Alisher Navoiy alohida o‘rin egallaydi. U “Xazoyin ul-maoniy” va “Xamsa” kabi asarlari orqali turkiy tilda eng yuksak badiiy namunalarni yaratib, bu tilning boyligi va fasohatini butun dunyoga tanitdi.
Zahiriddin Muhammad Bobur ham o‘z asarlarida Navoiyni yuksak ehtirom bilan tilga olib, “turkiy tilda hech kim oncha ko‘p va go‘zal she’r aytgan emas”, deb e’tirof etgan. Navoiyning ijodi orqali turkiy tillar birlashdi, ularning adabiy salohiyati mustahkamlandi.
Bugungi kunda o‘zbek tili nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro miqyosda ham tobora e’tirof etilmoqda. 2019-yil 21-oktabrda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon asosida til siyosatida yangi bosqich boshlandi. Bu hujjat o‘zbek tilini davlat boshqaruvida, ta’limda, ilmda, axborot texnologiyalarida keng qo‘llashga yo‘l ochdi.
2025-yilda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 36 yil to‘lishi munosabati bilan mamlakatimizda ko‘plab ilmiy-amaliy anjumanlar, tadqiqot loyihalari va targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
Davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida o‘zbek tilida so‘zlagan nutqi ham tilimizning xalqaro nufuzini mustahkamlashda muhim tarixiy voqea bo‘ldi. Bu holat o‘zbek tilining nafaqat adabiy yoki ilmiy, balki siyosiy qudratini ham namoyon etdi.
Raqamli asrda o‘zbek tili global axborot maydoniga faol kirib bormoqda. Wikipedia, Google, Facebook, Instagram, Telegram kabi xalqaro platformalarda o‘zbek tilidagi sahifalar soni keskin oshdi. O‘zbek tili uchun yaratilgan tarjima, imlo va matn tahriri dasturlari tilimizni axborot texnologiyalariga integratsiya qilish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbek tilining xalqaro maydondagi mavqeini oshirishda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti salmoqli rol o‘ynamoqda. Universitet tashabbusi bilan Xitoy, Rossiya, Hindiston, Qirg‘iziston va Turkiyada o‘zbek tili va madaniyati markazlari tashkil etilgan. Bu markazlar xorijiy olimlar, talabalar va tadqiqotchilar uchun o‘zbek tilini o‘rganish imkonini bermoqda.
Shuningdek, Samarkand davlat universiteti huzurida Turkologiya ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilib, turkiy xalqlar o‘rtasidagi tarixiy, madaniy, lingvistik aloqalarni o‘rganish, yo‘qolib borayotgan turkiy tillarni saqlab qolish, ularni ilmiy asosda tadqiq etish ishlari olib borilmoqda. Institutda “Turkologik tadqiqotlar” nomli ilmiy jurnal ham nashr qilinmoqda. Unda turkiy tillarning leksik, fonetik, grammatik xususiyatlari, shuningdek, turkiy xalqlar adabiy aloqalari haqidagi ilmiy maqolalar chop etilmoqda.
Bu kabi tashabbuslar natijasida o‘zbek tili va umuman turkiy tillarning xalqaro nufuzi yildan-yilga ortib bormoqda. Bugun o‘zbek tili BMT minbarida yangraydigan, 50 milliondan ortiq inson so‘zlashadigan, xalqimizning milliy g‘ururi va ma’naviy boyligini ifodalovchi yuksak qadriyatga aylangan.
Tilimizni asrab-avaylash, boyitish va uni kelajak avlodlarga yetkazish — har bir vatandoshning muqaddas burchidir. Chunki o‘zbek tili — bu bizning o‘zligimiz, tariximiz, madaniyatimiz va kelajagimizdir.
Aftondil Erkinov, filologiya fanlari doktori, professor


