Joriy yilning 16-oktabr kuni Ohangaron tumanida 4-sinf qizni zo'rlagan erkak ishi bo'yicha sud jarayoni yakunlandi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.
Ohangaron shahar sudida M. T. (1994-yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan, ilgari sudlangan)ga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, sud hukmi e’lon qilindi. Ish Jinoiy-protsessual kodeksning 19-moddasi talablariga muvofiq, yopiq sud majlisida ko‘rib chiqildi.
Sud qaroriga ko‘ra, M. T. voyaga yetmagan S. X. (2016-yilda tug‘ilgan)ga nisbatan Jinoiy kodeksning 119-moddasi 4-qismining talablariga muvofiq jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topildi va unga 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Shuningdek, Jinoiy kodeksning 34-moddasi 3-qismi “a” bandiga muvofiq, M. T. o‘ta xavfli rеtsidivist sifatida tan olindi. Tayyorlangan jazoning dastlabki 2 yili turmada, qolgan muddat esa maxsus tartibli koloniyalarda o‘taladi.
Sud hukmi ustidan tomonlar qonunda belgilangan tartib va muddatlarda Toshkent viloyat sudining apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasiga murojaat qilish huquqiga ega.


