The New York Times Davosda bo‘lib o‘tgan Jahon iqtisodiy forumi yakunlariga tayanib, AQSh siyosiy yo‘nalishidagi o‘zgarishlar NATOning kelajagini xavf ostiga qo‘yayotganini yozdi. Nashrga ko‘ra, Vashingtonning so‘nggi qarorlari Yevropa davlatlari orasida AQSh endi mintaqa xavfsizligiga yetarli darajada sodiq emas, degan xavotirlarni kuchaytirmoqda.
Qayd etilishicha, AQSh prezidenti Donald Trampning Grenlandiya masalasidagi keskin pozitsiyasi va Yevropa davlatlariga nisbatan savdo bojlarini joriy etish tahdidi transatlantik ittifoqni zaiflashtirishi mumkin. Yevropa yetakchilari bu siyosat NATO doirasidagi o‘zaro ishonchga putur yetkazayotganini ta’kidlamoqda.
Shu bilan birga, ekspertlar NATOning ehtimoliy parchalanishi birdaniga emas, balki bosqichma-bosqich kechishi mumkinligini qayd etmoqda. Ayrim davlatlar AQShga harbiy va siyosiy jihatdan qaramlikni qayta ko‘rib chiqish hamda Yevropaning strategik mustaqilligini kuchaytirish tarafdori bo‘lib chiqmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Davosdagi muzokaralar davomida Donald Tramp va NATO bosh kotibi Mark Ryutte Grenlandiya masalasida murosaga kelgan. Natijada AQShning ayrim Yevropa davlatlariga nisbatan bojlar joriy etish rejalari bekor qilingan. Biroq, NYT ta’kidlashicha, bu kelishuv NATO atrofidagi chuqur siyosiy shubhalarni to‘liq bartaraf eta olmasligi mumkin.


