23-sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasi sessiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myon bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqotda ikki davlat o‘rtasidagi alohida strategik sheriklikni yanada mustahkamlash hamda ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Keyingi yillarda O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi hamkorlik sezilarli darajada rivojlanayotgani, barcha darajalarda almashinuv va muloqotlar faollashgani alohida qayd etildi.
Savdo hajmi barqaror o‘sib bormoqda, Koreya kompaniyalarining O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari 8 milliard AQSh dollaridan oshdi. Shuningdek, yurtimizda Koreyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalarining 4 ta filiali hamda bir qator professional ta’lim markazlari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Koreya Xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA), Koreya Eksimbanki va boshqa moliyaviy institutlar bilan ko‘p yillardan buyon samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani, umumiy loyiha portfeli 3,5 milliard dollarga yetgani ta’kidlandi.
Uchrashuvda muhim xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash, kimyo, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, transport, aviatsiya, biotexnologiya kabi ustuvor yo‘nalishlarda yangi loyihalarni ilgari surish ko‘zda tutilgan “Texnologiya va sanoat sherikligi”ning uzoq muddatli dasturini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shu ma’noda, Hukumlararo komissiyaning yaqinlashib kelayotgan yig‘ilishini samarali o‘tkazish muhim ekani qayd etildi.
Tomonlar, shuningdek, mintaqaviy hamkorlik, jumladan “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” formati doirasidagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.
Muzokaralar yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev Prezident Li Chje Myonni davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etdi.


