O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi doirasida Nyu-York shahriga amalga oshirgan tashrifi o‘z yakuniga yetdi.
Davlat rahbari tashrif davomida Bosh Assambleyaning umumiy siyosiy munozaralarida nutq so‘zlab, BMTning global muammolarni hal etishdagi o‘rni va ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdi. Shuningdek, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan qaytmas islohotlar haqida so‘z yuritib, xalqaro hamjamiyat oldida tinchlik, barqaror taraqqiyot hamda global hamkorlikka qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Tashrifning eng muhim voqeasi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvi bo‘ldi. Muloqotda ikki tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirish, amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myon, Iordaniya Podshohi Abdulloh II, Chexiya Prezidenti Petr Pavel, Albaniya Prezidenti Bayram Begay, Xalqaro valyuta jamg‘armasi rahbari Kristalina Georgiyeva, Jahon banki prezidenti Ajay Banga va JST rahbari Ngozi Okonjo-Iveala bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Prezident Mirziyoyev AQSH ishbilarmon doiralari, yirik korporatsiyalar va investitsiya fondlari rahbarlari bilan uchrashib, o‘zaro hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi. Muzokaralar yakunida muhim bitim va kelishuvlar imzolandi, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma loyihalar dasturi shakllantirildi.
Safar doirasida davlatimiz rahbari AQSHdagi vatandoshlarimiz hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari bilan ham uchrashdi.
Tashrif tadbirlari yakunlangach Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahriga qaytib jo'nab ketdi.


