Nyu-York shahar meri Zohran Mamdani lavozimga kirishganidan so‘ng ilk farmonini imzoladi. Shahar meri devoni tomonidan e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, ushbu farmon orqali sobiq mer Erik Adams tomonidan 2024-yil 26-sentabrdan boshlab, ya’ni federal korrupsiya ayblovlari e’lon qilingan kundan keyin chiqarilgan barcha ijro etuvchi buyruqlar bekor qilindi.
Farmonda 2024-yil 26-sentabrda yoki undan keyin chiqarilgan va 2025-yil 31-dekabrdan kuchga kirgan barcha farmonlar o‘z kuchini yo‘qotgani qayd etilgan.
Mazkur qaror so‘nggi o‘n sakkiz oy davomida Erik Adams tomonidan qabul qilingan o‘nga yaqin farmonni bekor qildi. Ular orasida shahar xodimlariga Isroilga qarshi boykotlarda ishtirok etishni taqiqlash, immigratsiya xodimlariga qamoqxona tekshiruvlarini o‘tkazish vakolatini berish, ot aravalarini taqiqlash hamda antisemitizmning ishchi ta’rifini belgilashga oid buyruqlar mavjud.
Shu bilan birga, Mamdani yana beshta yangi ijro etuvchi farmonni imzoladi. Ularning uchtasi Nyu-York shahrida uy-joy sharoitlarini yaxshilash, ijarachilarning huquqlarini himoya qilish va kam ta’minlangan aholi uchun uy-joy qurilishidagi byurokratik to‘siqlarni kamaytirishga qaratilgan.
Yangi mer tomonidan imzolangan so‘nggi farmon jamoatchilik bilan aloqalar uchun mas’ul bo‘lgan yangi shahar departamentini tashkil etishni nazarda tutadi.
Ma’lumot uchun, Zohran Mamdani noyabr oyidagi saylovlarda g‘alaba qozonib, Nyu-York shahrining ilk musulmon meri sifatida tarixga kirdi. U 34 yoshda bo‘lib, to‘rt yillik muddat davomida lavozimda faoliyat yuritadi.


