O‘zbekiston mustaqillikka erishgan paytda Jinoyat kodeksida 30 dan ortiq moddalarda o‘lim jazosi belgilangan. 1994 yilgi Jinoyat kodeksida bunday moddalar soni 13 taga, 1998 yilda 8 taga, 2001 yilda esa 4 tagacha kamaytirildi. 2003 yildaesa javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish va terrorizm jinoyatlarini sodir etganlik uchun o‘lim jazosi nazarda tutiladi. 2008 yilning 1 yanvaridan jinoiy jazo turi sifatida o‘lim jazosi bekor qilinsin va uning o‘rniga umrbod yoki uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi joriy etildi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasining 25-moddasida O‘zbekistonda o‘lim jazosi man etilishi to‘g‘risidagi qoida kiritilmoqda.
Bir qator davlatlarining konstitutsiyalarida ham o‘lim jazosini man etishga oid qoidalar mavjud. Jumladan, Avstriya konstitutsiyasining 85-moddasi va Germaniya konstitutsiyasining 102-moddasida “o‘lim jazosi bekor qilinadi” deb, Ruminiya konstitutsiyasining 22-moddasida “o‘lim jazosi taqiqlangan” deb, Sloveniya konstitutsiyasining 17-moddasida “inson hayoti daxlsizdir. Sloveniyada o‘lim jazosi bo‘lmaydi” deb, Xorvatiya konstitutsiyasining 21-moddasida “har bir inson yashash huquqiga ega. Xorvatiya Respublikasida o‘lim jazosi bo‘lmaydi” deb belgilab qo‘yilgan.
O‘lim jazosining man etilishi Konstitutsiya darajasida belgilab qo‘yilish birinchi navbatda shaxsning yashashga oid huquqini hech qanday istisnosiz kafolatlash uchun xizmat qiladi. Nega deganda insonning yashash huquqni to‘la kafolatlamasdan turib, uning boshqa huquqlarini kafolatlashdan mantiq yo‘q.
O‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, o‘lim jazosi eng og‘ir jazo bo‘lishiga qaramasdan jinoyatlarning sodir etilishini to‘xtatuvchi samarali vosita hisoblanmaydi. Ko‘plab davlatlarda o‘lim jazosi amalda bo‘lsada, ammo jinoyatchilikning kamayishiga sezilarli darajada taʼsir qila olmagan. BMTning 2006 yilgi hisoboti shuni ko‘rsatmoqdaki, o‘lim jazosi amalda bo‘lgan mamlakatlarda ushbu jazoga loyiq jinoyatlar ko‘proq sodir etilgan.
Shaxs jinoyat sodir etayotgan vaqtda u nima bo‘lishidan qatʼiy nazar jazodan qochishga harakat qiladi. Shu sababli uni jinoyat sodir etishda kelgusida qanday jazo kutayotgani qiziqtirmaydi.
Shuningdek, o‘lim jazosi tayinlanishi mumkin bo‘lgan jinoyatni sodir etgan shaxs qo‘lga tushguncha yana og‘ir jinoyatlarni sodir etishda davom etaveradi. Chunki u qo‘lga tushsa o‘ziga qanday jazo tayinlanishini biladi va shu sababli “baribir meni qatl qilishadi” degan o‘y bilan ish tutadi. Endi unga farqi yo‘q bo‘lib qoladi: yana yangi jinoyatlar sodir etsa ham yoki jinoyat sodir etishdan to‘xtasa ham qo‘lga tushib qilmishlari fosh bo‘lgach, baribir o‘limga hukm qilinishini biladi.
Kriminolog olimlarning taʼkidlashicha, o‘lim jazosi jinoyatlarning sabablarini bartaraf etishga xizmat qilmaydi, yaʼni bu jazo faqat qo‘rqitish yo‘li bilangina qisman profilaktik taʼsirga ega.
Jazoning profilaktik xususiyati shundaki, o‘sha shaxsning maʼlum bir huquq va erkinliklarini cheklashda namoyon bo‘ladi va bunda shaxs jazoni o‘tash jarayonida o‘zi sodir qilgan jinoyati uchun huquq va erkinlari cheklanayotganini anglab, his qilib turish kerak bo‘ladi. O‘lim jazosida esa shaxs qatl qilingandan keyin jazoni his qilmaydi. Shu sababli o‘lim jazosida jazodan asl ko‘zlangan maqsadga erishilmaydi.
Maʼlumki, 2008 yil 1 yanvardan boshlab mamlakatimizda o‘lim jazosi rasman bekor qilindi. Bunga qadar javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirganlik uchun o‘lim jazosi belgilangan edi. Rasmiy statistik maʼlumotlarga ko‘ra, 2008 yilda, yaʼni o‘lim jazosi rasman bekor qilingan yili respublikamiz miqyosida jami qasddan odam o‘ltirish va o‘ldirishga suiqasd qilish holatlari soni 831 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilda esa bu raqamlar 365 tani tashkil etmoqda.
Demak, o‘lim jazosi bekor qilingandan keyin qotillik jinoyatlari o‘smagan, aksincha kamaygani ham yuqoridagi fikrimizni tasdiqlaydi. Shunday ekan jazoning og‘irligi emas, aksincha muqarrarligi haqida o‘ylash kerak. Shu bilan birga jinoyatlarning oqibatlari emas, ularning sabablariga qarshi kurashish kerak.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda o‘lim jazosining man etilishiga oid normaning kiritilishi mamlakatimizda inson huquqlariga hurmat, xususan insonning eng oliy huquqi – yashash huquqini har doim kafolatlash bo‘yicha davlatning qatʼiy pozitsiyasini anglatadi.
Inson hayoti – oliy qadriyat va ilohiy neʼmat, buning Konstitutsiyamizda aks ettirilishi bizni dunyo hamjamiyatidagi nufuzimiz yana bir pog‘ona oshishiga xizmat qiladi, demokratik islohotlar va insonparvarlik yo‘lida sobit ekanimizga ishonchini yana-da oshiradi.
Mazkur qoida mamlakatimizda inson hayoti va qadri yuqori darajada himoya qilinishini yana bir bor tasdiqlaydi hamda ijtimoiy-siyosiy hayotimizda ushbu jazo turini qaytarish va qo‘llash bo‘yicha har qanday tashabbuslarni qatʼiy ravishda cheklaydi. Pirovardida, har bir inson, hatto u jinoyat sodir etgan bo‘lsa ham, uning yashash huquqini kafolatlanishiga xizmat qiladi.
Farhod Primov,
yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori, dotsent


