1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Salomatlik

Onkologiya va onkogematologiya uchun zarur bo‘lgan dori vositalari GMP sertifikati talablariga moslashtiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-aprel kungi yig‘ilishda farmatsevtika tarmog‘idagi loyihalar ham ko‘rib chiqildi.

Onkologiya va onkogematologiya uchun zarur bo‘lgan dori vositalari GMP sertifikati talablariga moslashtiriladi

 

So‘nggi olti yilda bu sohada jami 527 million dollarlik 177 ta loyiha ishga tushirilgan. Xorijiy investitsiyalar 9 barobarga ortib, 35 ta korxona xalqaro GMP standartini joriy etgan. Natijada ishlab chiqarish 3 barobarga, eksport 5 barobarga oshgan.

 

Lekin mahsulotlar bozorini topish, sifat va raqobat borasida masalalar ko‘pligi sababli o‘tgan yili ishlab chiqarish hajmi biroz kamaygan. Import esa oshgan.

 

Shu bois yig‘ilishda farmatsevtika sohasida qo‘shimcha loyihalar ishlab chiqish hamda korxonalarni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

 

Qayd etilganidek, tarmoqda umumiy qiymati 725 million dollarlik 207 ta loyihani amalga oshirish, shundan 68 tasini bu yil ishga tushirish rejalashtirilgan.

 

Davlatimiz rahbari tadbirkorlarga kredit yukini yengillashtirish zarurligini taʼkidladi. Shuning uchun Asaka bank loyihalarning 25 foizgacha qismiga o‘z ulushi bilan kirib, investor sifatida ishtirok etishi belgilandi. Mahalliylashtirishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish va aylanma mablag‘ bilan taʼminlashga 300 million dollar uzoq muddatli kredit resurslari jalb qilinadi. Bank huzurida farmatsevtika loyihalari markazi ochilib, tadbirkorlarga yordam ko‘rsatadi.

 

Kam quvvatda ishlayotgan korxonalarni qo‘llab-quvvatlash hisobiga, 400 turdagi yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish va 670 million dollarlik import o‘rnini qoplash mumkinligi aytildi. Buning uchun korxonalarga 18 oygacha muddatda 1 million dollargacha “revolver” kredit, eksportchilarga tushum sug‘urtasini garovga olgan holda 2 million dollargacha kredit beriladi.

 

Onkologiya va onkogematologiya uchun zarur bo‘lgan dori vositalari va moddalarni xorij texnologiyasi asosida yurtimizda ishlab chiqarish imkoniyati ko‘rsatib o‘tildi. Sohadagi ko‘plab korxonalarni GMP sertifikati talablariga moslashtirish vazifasi qo‘yildi.

 

Toshkent farmatsevtika klasteridagi loyihalarni jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика