Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanida sintetik dori vositalarini tarqatib kelgan shaxs ushlandi. Bu haqda viloyat IIBB axborot xizmati xabar bermoqda.
Maʼlum bo‘lishicha, kollej o‘quvchisi — 19 yoshli fuqaro A.O. viloyat hududida giyohvandlik vositalarini maʼlum joylarga yashirib ketish orqali ularni tarqatib kelgan. U IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda daliliy ashyolar bilan qo‘lga tushgan.
Tadbir davomida ushbu shaxs tomonidan joylarga yashirilgan jami 25 dona kichik o‘ramlarda qadoqlangan «mefedron» sintetik giyohvandlik vositalari xolislar ishtirokida hujjatlashtirilib olingan.
Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksi 273-moddasi 5 qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qo‘shimcha surishtiruv va tergov harakatlari olib borilmoqda.


