Qirq-ellik yoshdan so‘ng inson suyaklari mo‘rtlashishi jarayoni kuchayadi. Osteoporoz deb ataluvchi bu kasallik ko‘pincha organizmda kalsiy ionlarining suyaklarga yaxshi singmasligi oqibatida yuzaga keladi.
Ushbu darddan, birinchi navbatda, umurtqa pog‘onasi suyaklari aziyat chekadi. Yaʼni ularning zichligi kamayib, baʼzan sinishi kuzatiladi. Kamharakatlik osteoporozni yana-da kuchaytirib, nogironlikka olib borishi mumkin.
Shu maʼnoda, bu patologiyaga barvaqt tashxis qo‘yish va muolajalarni erta bosqichda boshlash samarali. Ammo kasallik rivojlanish xavfini avvaldan prognoz qilish birmuncha murakkab jarayon.
Shvetsiyaning Stokgolm shahrida bo‘lib o‘tgan Yevropa endokrinologiya kongressida bu borada yangi diagnostika usuli taqdim etildi.
Qayd etilishicha, mazkur tashxis usuli juda oddiy. Buning uchun qo‘lning teri osti yog‘idan namuna olinadi va tekshiriladi. Shu tariqa 50 yoshdan oshgan kishilarda osteoporoz rivojlanish xavfi erta bosqichda aniqlanadi.
Tadqiqotga 115 nafar ishtirokchi jalb etilib, ularning tahlil namunalari o‘rganildi.
Yakunda, tana massasi indeksidan qatʼi nazar, qo‘l terisi ostidagi ortiqcha yog‘ darajasi yuqori kishilarning umurtqa pog‘onasi suyaklari nisbatan mo‘rt bo‘lishi aniqlandi.
Kelgusida ushbu tashxis usuli tibbiy amaliyotda keng qo‘llanilishi mumkin.


