O‘zbekiston animatsiya sanoatida muhim tarixiy voqea yuz berdi. Mamlakatimizda ilk bor to‘liq metrajli 3D formatda yaratilgan “Sehrlandiya: qahramonlik missiyasi” animatsion filmi katta ekranlarga chiqmoqda. Ushbu loyiha o‘zbek animatsiyasining texnologik va ijodiy salohiyatini yangi darajaga olib chiqdi.
Film nafaqat mahalliy tomoshabinlar, balki xorijiy mutaxassislar e’tiborini ham tortdi. Yaqinda Turkiyaning nufuzli “TRT Avaz” telekanali mazkur animatsion asar haqida maxsus reportaj tayyorlab, grafik sifati, syujet yondashuvi va chuqur g‘oyaviy mazmunini yuqori baholadi. Bu holat o‘zbek kinosining xalqaro maydondagi nufuzi oshib borayotganidan dalolat beradi.
“Sehrlandiya: qahramonlik missiyasi” filmining katta premyerasi 25-dekabr kuni O‘zbekiston bo‘ylab barcha kinoteatrlarda bo‘lib o‘tadi. Film bolalar va kattalar uchun birdek qiziqarli bo‘lib, tomoshabinlarga unutilmas taassurot va bayramona kayfiyat ulashishi kutilmoqda.


