1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Eng dolzarb

O‘zbekiston Jenevada ekologik baholash bo‘yicha xalqaro yig‘ilishda ishtirok etmoqda

Xalqaro muzokaralarda O‘zbekiston ekologik islohotlar, SEB va AMTB bo‘yicha yangi mexanizmlarni joriy etish, shuningdek ekologik jarayonlarda sun’iy intellektdan foydalanish masalalarini muhokama qilmoqda.

O‘zbekiston Jenevada ekologik baholash bo‘yicha xalqaro yig‘ilishda ishtirok etmoqda

 

Shveysariyaning Jeneva shahrida 1–3-dekabr kunlari Atrof-muhitga ta’sirni transchegaraviy kontekstda baholash to‘g‘risidagi Espo konvensiyasi va Strategik ekologik baholash protokoli doirasidagi Ishchi guruhning 13-yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirda O‘zbekiston delegatsiyasi — Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Davlat ekologik ekspertizasi markazi direktori G‘ayrat Mahamedov boshchiligida qatnashmoqda.

 

Ma’lumot uchun, Espo konvensiyasi 1991-yilda Finlyandiyaning Espo shahrida imzolangan bo‘lib, ekologik baholashni nafaqat loyiha amalga oshirilayotgan davlatda, balki uning ta’sir hududiga tushishi mumkin bo‘lgan qo‘shni mamlakatlarda ham o‘tkazishni talab etadi. Ushbu jarayon rejalashtirishning eng dastlabki bosqichlaridanoq amalga oshirilishi lozim.

 

Yig‘ilishda O‘zbekiston delegatsiyasi mamlakatda ekologik boshqaruvni isloh qilish, AMTB va SEBning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, ekologik jarayonlarni raqamlashtirish, jamoatchilik ishtirokini kengaytirish hamda xalqaro hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

 

Tadbir chog‘ida ishtirokchi davlatlar ekologik baholash samaradorligini oshirish, energetika, hududiy rivojlanish, iqlim va bioxilma-xillik yo‘nalishlarida tajriba almashish, monitoring tizimlarini takomillashtirish, raqamli yechimlar va sun’iy intellektdan foydalanish imkoniyatlarini muhokama qilmoqda. Shuningdek, kelgusi davr uchun amaliy ish rejalari, yangi o‘quv dasturlari va qo‘llanmalar ishlab chiqilmoqda.

 

O‘zbekistonning ushbu yig‘ilishdagi ishtiroki ekologik siyosatni yanada takomillashtirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘rganish uchun muhim imkoniyat hisoblanadi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика