Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Davlat ekologik ekspertizasi markazi hamda Belarus Respublikasi Tabiat resurslari va atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi huzuridagi Davlat ekologik ekspertizasi va kadrlar tayyorlash respublika markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Hujjatning asosiy maqsadi — ekologik ekspertiza sohasida ilmiy-amaliy aloqalarni mustahkamlash, mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirish hamda barqaror rivojlanish yo‘nalishida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishdan iborat.
Muzokaralar davomida tomonlar ekologik boshqaruv tizimlarini takomillashtirish, raqamli yechimlar va innovatsion yondashuvlarni joriy etish, shuningdek, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni olib borish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Davlat ekologik ekspertizasi markazi bosh direktori G‘ayrat Muxamedov ta’kidlaganidek: “Bu memorandum shunchaki rasmiy hujjat emas, balki uzoq muddatli mazmunli hamkorlikning boshlanishidir. Belaruslik hamkasblarning tajribasi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ekologik islohotlarni yanada samarali qilishga xizmat qiladi”.
Memorandumda hamkorlikning tenglik, o‘zaro manfaat, bilim va tajriba almashish tamoyillari belgilangan. Shuningdek, qo‘shma seminar va konferensiyalar o‘tkazish, malaka oshirish dasturlari tashkil etish, hamkorlikda ekologik ekspertizaga oid raqamli yechimlarni rivojlantirish rejalashtirilgan.
Hujjat qo‘shimcha moliyaviy majburiyatlarni nazarda tutmaydi, besh yil davomida amal qiladi va muddati avtomatik tarzda uzaytiriladi. Memorandum O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi ekologik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi.


