O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi aviaqatnovlarni kengaytirish bo‘yicha yangi rejalari mavjud. Aprel boshlarida Uzbekistan Airports va China Southern Airlines aviakompaniyasi o‘rtasida muzokaralar o‘tkazildi. Uchrashuvda, hamkorlikni yanada rivojlantirish, mavjud parvozlar sonini oshirish va O‘zbekiston aeroportlariga yangi yo‘nalishlar ochish imkoniyatlari muhokama qilindi.
China Southern Airlines kompaniyasi hozirda Toshkentdan Pekinga (haftasiga 4 marta) va Toshkentdan Urumchiga (haftasiga 5 marta) parvozlarni amalga oshirib kelmoqda. Endi kompaniya, mavjud yo‘nalishlar chastotasini haftasiga yetti martagacha oshirishni ko‘rib chiqmoqda.
Shuningdek, Uzbekistan Airports Andijon, Namangan va Farg‘ona aeroportlaridan Xitoy shaharlariga yangi yo‘nalishlar ochishni taklif qilgan. China Southern Airlines kompaniyasi esa, Xitoydan xalqaro parvozlar taklif etadigan yirik aviakompaniyadir.
Bundan tashqari, 2-apreldan Xitoyning SF Airlines aviakompaniyasi Toshkent va Lanchjou o‘rtasida yuk tashishni yo‘lga qo‘ydi. Dastlab, parvozlar haftasiga ikki marta amalga oshiriladi, ammo kelajakda ularning soni oshirilishi rejalashtirilmoqda.
Shu kunlarda, Oman Air aviakompaniyasiga ham O‘zbekistonga muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirish uchun ruxsat berildi. Maskat va Toshkent o‘rtasida Boeing-737 samolyotlarida muntazam parvozlar amalga oshiriladi.


