O‘zbekistonda 15-yanvardan boshlab aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishning birinchi — onlayn bosqichi boshlandi. Ushbu bosqich doirasida fuqarolar census.stat.uz maxsus portali orqali o‘zlari va oila a’zolarini mustaqil ravishda ro‘yxatdan o‘tkazishlari mumkin. Bu haqda Statistika qo'mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Portalda joylashtirilgan barcha matnlar va so‘rovnomalar 8 ta tilda taqdim etilgan bo‘lib, ular til me’yorlariga to‘liq rioya qilingan holda tayyorlangan. Matnlar Davlat tili bilan ishlash va malaka oshirish markazi hamda Respublika ta’lim markazi tomonidan tekshirilib, belgilangan tartibda tasdiqlangan.
Milliy statistika qo‘mitasi mazkur usulning qulayligi va tezkorligini inobatga olib, fuqarolarga aynan onlayn ro‘yxatdan o‘tishni tavsiya qilmoqda. Onlayn bosqich 31-yanvarga qadar davom etadi.
Milliy statistika qo‘mitasi raisi Behzod Hamrayev ro‘yxatga olish jarayonida axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha barcha zarur choralar ko‘rilganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, fuqarolar tomonidan taqdim etilayotgan barcha ma’lumotlar qonunchilik talablariga muvofiq himoyalanadi, shaxsiy ma’lumotlar to‘liq maxfiy saqlanadi va faqat umumlashtirilgan holda statistik maqsadlarda qo‘llaniladi. Ushbu ma’lumotlar soliq, huquqni muhofaza qiluvchi yoki boshqa nazorat organlariga berilmaydi.
Ro‘yxatga olishning ikkinchi bosqichi 4–28-fevral kunlari o‘tkaziladi. Bu bosqichda “mahalla yettiligi” tizimi xodimlari uyma-uy yurib, onlayn xizmatdan foydalana olmagan fuqarolarni planshet qurilmalari orqali ro‘yxatga oladi.
Aholini ro‘yxatga olish jarayoni mamlakatning barcha hududlari va aholi punktlarini qamrab oladi. Dastlabki natijalar joriy yilning 1-iyuliga qadar, yakuniy ma’lumotlar esa 2027-yil 1-iyulga qadar e’lon qilinishi rejalashtirilgan.
Qayd etilishicha, bu O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan buyon butun mamlakat bo‘ylab o‘tkazilayotgan ilk keng ko‘lamli aholini ro‘yxatga olish jarayoni hisoblanadi.


