O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Qonun (O‘RQ–1095, 2025-yil 11-noyabr) bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Ushbu hujjat mehnat munosabatlarini tartibga solish, xususiy bandlik agentliklari faoliyatini kengaytirish hamda ish vaqtidan tashqari mehnat uchun haq to‘lash tizimini takomillashtirishga qaratilgan.
Qonunga ko‘ra, xususiy bandlik agentliklariga ish izlovchilarga kasb-hunar va xorijiy tillar bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish, chet el ish beruvchilarni bu jarayonga jalb qilish, shuningdek, zahira mablag‘larini tijorat banklari depozitlariga joylashtirish orqali olinadigan foiz daromadlarini mustaqil tasarruf etish huquqlari berildi.
Shuningdek, Mehnat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, ish vaqtidan tashqari mehnatning yillik davomiyligi 120 soatdan oshmasligi haqidagi talab bekor qilindi. Endilikda xodimlar ish vaqtidan tashqari bajargan mehnatlari uchun bir kunda dastlabki ikki soat uchun kamida 1,5 barobar, ikki soatdan ortiq ishlagan hollarda esa kamida 2 barobar miqdorda haq olishadi.
Mazkur o‘zgarishlar mehnat munosabatlarini yanada shaffof qilish, xodimlarning huquqlarini himoya etish va xususiy bandlik tizimida samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi.


