O‘zbekistonda iste’mol muddati yakunlanish arafasida bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari maxsus chegirmalar asosida aholiga taqdim etiladi. Hukumat qaroriga muvofiq, savdo majmualari va yirik do‘konlarda alohida rastalar tashkil etilib, mahsulotlarning narxi har o‘n kunda bosqichma-bosqich pasaytirib boriladi.
Ushbu tashabbusning asosiy maqsadi aholiga sifatli mahsulotlarni arzon narxlarda yetkazish bilan birga, oziq-ovqat isrofgarchiligining oldini olishdan iborat.
Shuningdek, daladan iste’molchiga qadar bo‘lgan butun jarayonda — yig‘im-terim, tashish, saqlash va yetkazib berish bosqichlarida nazorat kuchaytiriladi. Mavjud yo‘qotishlarni kamaytirish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘riladi. Fermer xo‘jaliklari uchun zamonaviy agrotexnologiyalar, mahsuldorlikni oshirish va resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha maxsus o‘quv dasturlari yo‘lga qo‘yiladi.
Rasmiy hujjatga ko‘ra, 2026-yil boshidan boshlab oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, tashish va saqlash jarayonlariga oid sanitariya qoidalari hamda gigiyena talablari yanada takomillashtiriladi.
Shu bilan birga, 2026–2030-yillar mamlakatda “Dolzarb oziq-ovqat xavfsizligi davri” sifatida e’lon qilinib, “Oqilona iste’mol” (Save food) dasturi amalga oshiriladi. Bu chora-tadbirlar aholiga yetarli va sifatli oziq-ovqat yetkazib berish, isrofgarchilikni kamaytirish hamda barqaror oziq-ovqat tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.
Mutaxassislarning qayd etishicha, yangi tartib aholiga ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning muhim qismi bo‘lib, mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.


