O‘zbekistondagi barcha vazirlik va idoralarda tanlov asosida eng ko‘p kitob o‘qigan xodimga bir oylik ish haqi miqdorida pul mukofoti beriladi. Bu “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida belgilandi.
Qarorga muvofiq, 2026-yil 1-aprelga qadar barcha vazirlik va idoralar hamda ularning tizimidagi tashkilotlarda “Kitob burchagi” tashkil etiladi. Shuningdek, xodimlar uchun har oyda “Kitob o‘qish soati” joriy qilinadi hamda kitobxonlik bo‘yicha ichki reyting tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
2026-yil 1-martga qadar vazirlik va idoralarda tegishli sohalar bo‘yicha kasbiy faoliyatga oid tavsiya etiladigan adabiyotlar ro‘yxati shakllantiriladi. Har yili kamida uchta xorijiy kasbiy adabiyot mahalliy nashriyotlar orqali o‘zbek tiliga tarjima qilinib, malakali mutaxassislar ishtirokida izohlar, lug‘atlar va misollar bilan boyitiladi.
Qarorda yoshlar va taʼlim oluvchilarni rag‘batlantirish choralari ham belgilangan. Jumladan, eng ko‘p kitob o‘qigan top-100 talikka kirgan o‘quvchi va talabalarning har biriga BHMning 25 baravari, yaʼni 10,3 million so‘m miqdorida pul mukofoti beriladi.
Shuningdek, Prezident qaroriga asosan Yoshlar ishlari agentligi huzurida Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi. Umumtaʼlim maktablarida “Jadidlar izidan” kitobxonlik klublari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Mazkur qarorning asosiy maqsadi 2026–2030-yillarda aholining kitobxonlik darajasini oshirish, yaʼni bir kishi tomonidan o‘qiladigan kitoblar sonini yiliga o‘rtacha 10 taga yetkazish etib belgilandi.
Jamg‘arma mablag‘lari yosh yozuvchilarni qo‘llab-quvvatlash, bolalar adabiyotini rivojlantirish, xorijiy va milliy adabiyotlarni tarjima qilish, shuningdek, isteʼdodli mualliflarga moddiy rag‘bat berish kabi yo‘nalishlarga yo‘naltiriladi.


