2025-yilning yozida o‘zbekistonlik bankir Qahramonjon Olimov Fransiyada o‘g‘irlab ketilgani va qiynoqqa solingani xalqaro va mahalliy ommaviy axborot vositalarida shov-shuv bo’lgan edi. Olimovning aytishicha, jinoyatchilar undan 10 million dollar to‘lashni talab qilgan. Bu haqda dastlab Fransiyaning Le Monde nashri bankir va uning yaqiniga tayanib yozgan edi. Keyinchalik bu xabar butun dunyo, xususan, O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalari tomonidan nashr etildi. L’Express va The Insider nashrlarining hamkorlikdagi surishtiruv davomida ushbu voqeada bir-biriga zid ko‘plab holatlar aniqlangan.
Amaldagi shaxslar
Bankirga ko’ra, jinoyat o‘zbekistonlik B.R ismli shaxsning ishonchli odami M tomonidan sodir etilgan.Fransiya gazetasi Qahramon Olimjonovdan boshqa hech kimning ismini keltirmagan.The Insider Olimov o‘g‘irlash va tovlamachilikda ayblayotgan insonlar shaxsiga oydinlik kiritdi, shuningdek, Olimovning o‘g‘irlanishi sahnalashtirilganini isbotlovchi dalillarni aniqladi.
B.R. — bu taniqli o'zbekistonlik oligarxi Botir Rahimov, shuningdek, Qahramonjon Olimovning sobiq ish beruvchisi. The Insider manbalariga ko‘ra, Olimov sobiq prezident Islom Karimov vafotidan ko‘p o‘tmay, 2016-yilda O‘zbekistonni tark etgan sobiq xo‘jayini Botir Rahimovning mol-mulki evaziga fransuz gazetasi aytganidek “moliya magnatiga” aylangan.
M. Rossiya fuqarosi va Rahimovning Turkiyadagi biznes sherigi hisoblanadi. Insider bu yigitning ismini sir saqlamoqda, chunki shu shart bilan nashr katta miqdordagi ma'lumotlarga kirish imkoniga ega bo’lgan. Biroq tahririyatda M. haqida to‘liq ma’lumotlar mavjudligi yozilmoqda.
The Insider advokat orqali M., shuningdek qabulxona orqali Botir Rahimov bilan bog’langan. L’Express jurnalistlari esa “jabrlanuvchi” Qahramonjon Olimovga yaqin manba bilan suhbatlashgan.
The Insider ixtiyorida Olimov va M. — uni o‘g‘irlaganlikda gumon qilinayotgan shaxs o‘rtasidagi yozishmalar, shuningdek, bu voqeaga oydinlik kiritadigan yo‘l hujjatlari, moliyaviy, protsessual va boshqa hujjatlar mavjud.
Qahramonjon Olimov versiyasi
“Jabrlanuvchi” bankirga ko‘ra, 2025-yilning 22-iyun kuni tushga yaqin u Parij markazida uni kuch bilan mikroavtobusga o’tirtirishgan va noma’lum joyga olib ketishgan. Bu joyda M. uni qiynoqqa solib, undan 10 million dollar talab qilgan. Shundan so‘ng Olimov Nitssa yaqinidagi villaga ko‘chirilgan va u yerda qiynoqlar hamda tovlamachilik davom etgan. Bundan tashqari, M. Olimovning o’ldirilish sahnasini imitatsiya qilgan, shuningdek, O‘zbekistonning amaldagi hukumatini haqoratlashga majburlab, uni videoga olgan. Shundan so‘ng, bankir 5 million dollar uchun tilxat yozishga va 200 ming dollar berishga rozi bo‘lgan, go‘yoki shundan keyingina uni ozod qilishgan va u politsiyaga murojaat qilgan.
Surishtiruv davomida aniqlangan faktlar
Olimov va M. o‘rtasidagi suhbat, shuningdek, yozishmalaridan (ularning nusxasi The Insider’da bor) ko‘rinishicha, ularning muloqoti mojaroli vaziyatga, buning ustiga jinoyatchi—jabrlanuvchi holatiga xos emas. Aksincha, Olimov va M. bir-biriga nisbatan xushmuomala, hatto do‘stona munosabatda bo‘lgan.
Olimov kuch bilan ushlab turilgan Nitssa yaqinidagi, yanayam aniqrog‘i Rokfor-le-Pan komunnasida joylashgan villaga turistik xizmatlarni ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi vositachi orqali ijaraga olingan — uning haqi kriptovalyuta orqali to‘langan. Shu bilan birga, avvaliga ijaraga oluvchi insonning shaxsini tasdiqlaydigan hujjat sifatida kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan Fransiya fuqarosi — Shuhrat Ziyouddinovning pasporti yuborilgan. U Olimovning yaqin safdoshi hisoblanadi. Ammo ijarachi “xotini bilib qolmasligi” uchun anonimlikni iltimos qilgani bois oxir-oqibat pasportdan foydalanilmagan.
Olimovning so‘zlariga ko‘ra, u 2025-yilning 22-iyunida o‘g‘irlab ketilgan va ertasi kuni, 23-iyun kuni qo‘yib yuborilgan.The Insider tomonidan ko‘rib chiqilgan hujjatlarga ko‘ra, Olimov “qo‘yib yuborilganidan” keyin birinchi klass bilan Parijga uchish chiptasi M., ning shaxsiy haydovchisiga tegishli bank kartasi orqali to‘langan. Shundan so‘ng M.ning o‘zi telegramdagi shaxsiy raqamidan chipta nusxasini Olimovga yuborgan.
Parijga qaytib kelgan Olimov 24-iyun kuni politsiyaga odam o‘g‘irlangani haqida xabar beradi. Politsiya maʼlumotlariga ko‘ra, Olimovni so‘roq qilish 2025-yil 24-iyun kuni soat 15:00 dan 22:30 gacha davom etgan.Olimovning M. bilan Telegram orqali yozishmalari 2025-yilning 23 iyunidan 26 iyuniga qadar davom etgan, ular bir-biri bilan do‘stona muloqot qilgan, ayniqsa, 24-iyunda. Bundan tashqari, Olimov jinoyat qurboni sifatida ko‘rsatma berayotgan vaqtida “qarzining bir qismi sifatida 200 ming dollar” berish masalasini M. bilan muhokama qilgan. Pullar soat 19:00 larda, yaʼni so‘roqning ayni qizg‘in pallasida berib yuborilgan.
Olimov va M. o‘rtasidagi yozishmalar faqat 2025-yil 26-iyunida to‘xtagan. Olimovning M.ga so‘nggi xabarida shunday deyilgan: “Meni zudlik bilan politsiyaga olib ketishyapti. Aloqani uzyapman”. M. esa bunga “Ular seni nega olib ketishmoqda? Bu sahnalashtirilganini anglab qolishdimi?”, javob yozgan. Biroq savol javobsiz qolgan.

Olimov va M. oʻrtasidagi yozishmalarning skrinshotlari.
“Odam o’g’risi” va “jabrlanuvchi” o‘rtasidagi muloqot oradan ikki kun o‘tib, 28-iyun kuni M. Olimovga yangi raqamdan “Bir tomondan ariza yozding, ikkinchi tomondan meni politsiyadan ogohlantirding. Hali ham do‘stmisan yoki yo‘q, buni bilmayapman? ” deb SMS yozganida, Olimov: “Oramizda dushmanlik yo‘q, shuning uchun senga yozdim. Vaziyat o‘z trayektoriyasi bo‘yicha ketyapti. Men vaziyatni nazorat qilmayapman”. So‘ng, Olimov M.ga quyidagicha xabar qoldiradi: “Allohga shukur, seni ushlashmadi. Xudo seni yaxshi ko‘radi. Hozir menga yozmasliging kerak deb o‘ylayman. O‘ylaymanki, sen meni tushunding”.
Nihoyat, soatlab qiynoqlar qurboni bo‘lgan Olimovda tibbiy ko‘rik tekshiruvlari o’tkaziladi. Tekshiruv natijasida unda mayda ko‘karishlar va yengil jarohatlar aniqlanadi.
Uzoq muddatli bitimlar
O‘g‘irlash sahnalashtirilganining yaqqol belgilari aniqlangach, L’Express va The Insider amaldagi shaxslar o‘rtasidagi munosabatlar tarixi bilan qiziqib, quyidagilarni aniqladi: 2016-yilda o‘zbekistonlik oligarx Botir Rahimov Egey dengizi qirg‘og‘ida mehmonxona sotib olib, Turkiyaga ko‘chib o‘tadi. Amalda Rahimovga tegishli bo‘lgan Kapitalbank va oligarxning yana o‘nlab kompaniyalari esa Qahramonjon Olimovning boshqaruvida qoladi. 2017-yilda Olimov Rahimovni biznesi xavf ostida ekani va “ta’sir doiraga ega odamlar” tomonidan tortib olinishi mumkinligi haqida ishontiradi. Buning oldini olish uchun Olimov unga barcha aktivlarni qanday bo‘lmasin sotish, shu orqali biznes imperiyasi egallab olinishiga yo‘l qo‘ymaslik va jinoiy ta’qibdan omon qolishni taklif qiladi.

Botir Rahimov
Foto:Milliy Olimpiya qo‘mitasi
O‘zini vositachi sifatida ko‘rsatgan Olimov yirik xususiy bank, qurilish firmalari va sug‘urta kompaniyalari kabi o‘nlab kompaniyalarni 13,5 million dollar evaziga o‘z nomiga o‘tkazishni taklif qiladi. Bunday zararli vaziyatdan lol qolgan Rahimov bitimdan voz kechadi. Bitimni imzolash kerakligi haqida uni ishontirar ekan Olimov Rahimovga bir yil davomida qo‘shimcha 10 million dollar, shuningdek, taqsimlanmagan ayrim dividendlarni berishni va’da qiladi. Uzoq o‘ylanishlardan keyin Rahimov rozi bo‘ladi.
Ushbu muzokaralarda Rahimovning Turkiyadagi biznes sherigi M. ishtirok etadi, uning oldida Rahimovv qo'shma loyiha bo'yicha moliyaviy majburiyatlarga ega edi. Muzokaralar natijasida Olimov, Rahimov va M. quyidagi kelishuvga erishdilar: Olimov Rahimov bilan hisob-kitob qilish uchun 10 million AQSh dollarini toʻgʻridan-toʻgʻri M.,ga toʻlab beradi.
Bitim tuzildi, Rahimov o'z biznes imperiyasi uchun 13,5 million dollar oldi, bu uning hisob-kitoblariga ko'ra, aktivlarning real qiymatining taxminan 5 foizini tashkil etadi, M. esa hech narsa olmagan.
Oʻshandan beri M. Olimovdan qarzi to‘lashni talab qiladi. U bilan 2019-yilda Yevropada, keyin esa Moskvada bir necha bor uchrashgan. Biroq Olimov yuqori martabali homiylarini tilga olib, va’da qilingan 10 million dollarni to‘lashdan qochib kelgan.
Botir Rahimovga kelsak, O‘zbekistonga qaytgach, u tergov boshlaydi va Olimov oddiygina o‘rtadagi vositachi emasligini, balki o‘zi sotishga majbur bo‘lgan aktivlarining aksariyati Olimovga o‘tib ketganini aniqladi. Maʼlum boʻlishicha, Rahimov bilan kelishuvdan soʻng, Olimov qimmat xaridlarni amalga oshira boshlagan — masalan, u Germaniyada mehmonxona sotib olgan, bir yildan soʻng esa oʻz bankini tashkil qilgan, Olimovning oʻzi esa hozirda 1 milliard dollardan ortiq mablagʻni boshqarmoqda. Olimov, shuningdek, Siemens va Fransiyaning EDF kompaniyalari ishtirokidagi yirik energetika konsorsiumiga a’zo bo‘ldi, ular O‘zbekistonda issiqlik elektr stansiyasini qurilishi loyihasini amalga oshiradi.
Shunday qilib, Botir Rahimov hech narsasiz O‘zbekistonga qaytib keladi va uning sobiq qo‘l ostidagi va ishonchli odami oligarxga aylangan edi.
G‘azablangan Rahimov Olimovdan 200 million dollardan ortiq tovon puli talab qilib, 2018-yilgi bitimni qayta ko‘rib chiqishni so‘ray boshladi, shuningdek, bo‘lajak jarayonlar uchun advokatlarni yolladi.
Aynan shu fonda Olimovning Frantsiyada "o'g'irlab ketilgani" haqida xabarlar paydo bo'ladi.
Natijalar
Olimovni bosqichma-bosqich o‘g‘irlash natijasida uning raqibi Rahimov hujumga uchradi, chunki agar taxmin qilinayotgan jinoyatni Rahimovning sherigi M. sodir etgan bo‘lsa, Rahimovning o‘zi tashkilotchi deb e’lon qilinishi mumkin edi.
M. bo‘lsa Olimovning “o‘g‘irlanishi” sabab undan 200 ming dollar, shuningdek, Olimov unga eski qarzini qaytarishi bo‘yicha tilxatni qo‘lga kiritadi. Olimovning ta’kidlashicha, ushbu hujjatni u majburlikdan imzolagan, ammo tilxat mazmuni buning aksini ko‘rsatmoqda: Olimov M.dan 50 foiz miqdorida diskont (tilxat 10 million dollar o‘rniga 5 million dollarga tuzilgan) hamda bo‘lib to‘lash uchun ikki yil muhlat olgan.
Biroq ko‘rinib turibdiki, Olimov hatto shunday shartlarda ham M. bilan hisob-kitob qilmoqchi emas. Chunki Olimovning o‘g‘irlab ketilgani haqidagi sahnalashtirilgan voqea M. uchun haqiqiy jinoyat ishi — odam o‘g‘irlash va tovlamachilik ayblovi, shuningdek, xalqaro qidiruv bilan yakunlandi.
“"O'g'irlash" dan yagona manfaatdor Olimovning o'zi bo'lib, u ikki kreditorini zararsizlantirdi va Fransiya hamda O'zbekiston hukumati himoyasini talab qiluvchi jinoyat qurboni qiyofasini yaradi”.
Surushtiruvga ko'ra, Olimov Fransiyada Rahimov bilan o‘zining sof iqtisodiy mojarosini siyosiylashtirishga urinib, Rahimovni “O‘zbekiston hukumatiga yaqin odam” deb atamoqda. Agar u Rahimovni neytrallashtira olmasa va 2018-yilgi kelishuvning noqonuniyligini isbotlasa, u o'zini siyosiy ta'qib qurboni sifatida ko'rsatishi kerak bo'lishi mumkin.
“Olimovning “Anorbank”i og‘ir kunlarni boshidan kechirmoqda: uning yuzlab mijozlari hisoblari bo‘shatilganini payqab, huquq-tartibot idoralariga murojaat qilishgan, natijada jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Tekshiruv natijasida aniqlanishicha, Anorbank O‘zbekiston qonunchiligida taqiqlangan onlayn kazinolarga pul o‘tkazib yuborgan. Ayni vaqtda Olimovning yaqin sherigi, uning tuzilmalarida muhim lavozimlarni egallagan Baxtiyor Amzayev aktsiyadorlik jamiyati ishtirokchilaridan milliardlab rubl o‘g‘irlash bilan bog‘liq jinoiy ish bo‘yicha hibsga olindi.
Bunday sharoitda Olimov o'zini "O'zbekiston hukumatiga yaqin" shaxs qurboni sifatida ko'rsatish va shu asosda Yevropadan siyosiy boshpana olish ayni muddaodir”.



