Kelgusi ikki yilda O‘zbekiston yana ikkita qo‘shni mamlakat bilan chegaradan o‘tish mumkin. Bu haqda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan yangilangan O‘zbekiston-2030 strategiyasi loyihasida so‘z boradi.
Unda kamida 3 ta davlat bilan fuqarolarining chegaralardan ID-kartalari asosida erkin o‘tishi ni taʼminlashga erishish vazifasi belgilangan. Bu tartib 2026-yilda 2 ta davlat bilan, 2027-yilda esa 3 ta davlat bilan amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonovning Zamon.uz‘ga maʼlum qilishicha, Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha ushbu imkoniyat Qirg‘iziston bilan birgalikda uchtaga yetkaziladi.
“Hozirda qo‘shni mamlakatlarimiz bilan bu borada muzokaralar olib borilmoqda”, — dedi Burxonov.
U qaysi mamlakatlar bilan muzokaralar olib borilayotganligiga ochiqlik kiritmadi.
Maʼlumot uchun, O‘zbekiston 2023-yil sentabrda Qirg‘iziston bilan bojxona chegara postida xorijga chiqish pasportisiz faqatgina ID-kartalar orqali kesib o‘tish va u yerda 30 kungacha vizasiz bo‘lish imkoniyati yo‘lga qo‘yilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil-avgust oyida Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlarining oltinchi Maslahat uchrashuvida Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyoda ID-kartalarni o‘zaro tan olishni taklif qilgan edi. Undan so‘ng tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi Abdulaziz Komilov Qozog‘iston bilan bu tartibni joriy etishni muhokama qilinayotganini maʼlum qilgan edi.


