15-yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Tashqi ishlar vazirligi hamda Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari faoliyatiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishidan soʻng, xorijda faoliyat yuritayotgan qariyb 60 nafar elchi va konsul Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
Mehmonlarni Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov kutib olib, ushbu majmuaning yaratilish gʻoyasi, meʼmoriy yechimlari hamda tarixiy-ilmiy va maʼnaviy mazmuni haqida batafsil maʼlumot berdi. Taʼkidlanganidek, Islom sivilizatsiyasi markazi Prezident Shavkat Mirziyoyevning bevosita tashabbusi, mualliflik gʻoyasi va shaxsiy nazorati ostida barpo etilgan boʻlib, u nafaqat Oʻzbekiston, balki butun Islom olami va Markaziy Osiyo uchun muhim strategik ahamiyatga ega loyiha hisoblanadi.
Qayd etilishicha, davlat rahbari ushbu markazning tashqi mahobati bilan bir qatorda, uning ichki mazmuni, ilmiy asoslangan konsepsiyasi va yuqori maʼnaviy platforma boʻlishiga alohida eʼtibor qaratgan. Mazkur yoʻnalishda Tashqi ishlar vazirligi hamda xorijdagi elchixonalar faol ishtirok etib, dunyoning turli mamlakatlaridan tarixiy artefaktlar, qoʻlyozmalar va nodir manbalarni Vatanga qaytarish ishlariga munosib hissa qoʻshgan.
Maʼlumotlarga koʻra, 2025-yilda ushbu saʼy-harakatlar natijasida xorij mamlakatlaridan qariyb 2 mingga yaqin noyob eksponatlar olib kelinib, Markaz ekspozitsiyalaridan joy oldi. Bu jarayonda har bir diplomatik vakolatxona va u yerda faoliyat yuritayotgan xodimlarning amaliy koʻmagi alohida eʼtirof etildi.
Tashrif davomida diplomatlar Markazning “Shon-sharaf zali”, Islomdan avvalgi davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans, “Yangi Oʻzbekiston – Yangi Renessans poydevori” boʻlimlari, Qurʼoni karim zali hamda bolalar uchun moʻljallangan zamonaviy koʻrgazmalar bilan yaqindan tanishdi. Buyuk ajdodlarimizning ilm-fan, madaniyat va sivilizatsiya taraqqiyotiga qoʻshgan hissasini aks ettiruvchi ekspozitsiyalar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Xorijdagi elchilar va diplomatik vakillar Islom sivilizatsiyasi markazini Oʻzbekistonning boy tarixiy va maʼnaviy merosini yagona makonda, tizimli va zamonaviy yondashuv asosida namoyon etuvchi noyob majmua sifatida baholadi. Ularning fikricha, mazkur markaz Oʻzbekistonning xalqaro nufuzini oshirish, milliy merosni dunyoga keng targʻib etish hamda madaniy diplomatiyani rivojlantirishda muhim rol oʻynaydi.
Tashrif yakunida Islom sivilizatsiyasi markazi kelgusida nafaqat yurtimiz fuqarolari, balki xorijiy mehmonlar va sayyohlar uchun ham yirik madaniy-maʼrifiy va sayyohlik maskaniga aylanishi taʼkidlandi.


