Mutaxassislar vazir Fidanning “Bu platforma begonalar uchun emas” degan bayonoti, avvalo, Saudiya Arabistoni va Pokiston yaqinlashuvidan xavotirda bo‘lgan Isroil va Hindistonga qaratilgan, deb hisoblamoqda. BBC bu haqda tahliliy maqola e’lon qildi.
Turkiya Saudiya Arabistoni va Pokiston o‘rtasida shakllanayotgan mudofaa ittifoqiga qo‘shilishi mumkinligi haqidagi xalqaro OAVda chiqqan xabarlarga ilk rasmiy izohni tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan orqali berdi.
Vazir Fidan Saudiya Arabistoni va Pokiston bilan muzokaralar olib borilayotganini, biroq hozircha hech qanday kelishuv imzolanmaganini aytdi.
Fidanning ta’kidlashicha, Turkiyaning asosiy maqsadi — “yanada keng qamrovli mintaqaviy xavfsizlik platformasini shakllantirish”.
Turkiyaning Saudiya Arabistoni va Pokiston tomonidan o‘tgan yil sentabr oyida tuzilgan mudofaa ittifoqiga qo‘shilishi borasidagi dastlabki xabarni Bloomberg e’lon qilgan edi.
Ushbu xabarda uch davlat o‘rtasidagi muzokaralarda sezilarli siljish borligi qayd etilgan hamda Turkiyaning jarayonga qo‘shilishi mintaqaviy xavfsizlik muvozanatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi ta’kidlangan.
Pokiston mudofaa sanoati vaziri Raza Hayat Harraj ham 15-yanvar kuni qariyb bir yil davom etgan muzokaralardan so‘ng Saudiya Arabistoni va Turkiya bilan uch tomonlama mudofaa kelishuvi loyihasi tayyorlanganini aytdi.
Pokistondan ilk izoh: “Mudofaa kelishuvi loyihasi tayyor, muzokaralar davom etmoqda”
Harrajning aytishicha, uch tomonlama kelishuv yakuniga yetishi uchun Pokiston, Turkiya va Saudiya Arabistoni o‘rtasida yakuniy kelishuvga erishilishi lozim.
“Pokiston–Saudiya Arabistoni–Turkiya uch tomonlama kelishuvi allaqachon tayyorlov bosqichida bo‘lgan. Kelishuv loyihasi hozir bizda mavjud. Ushbu loyiha hozirda Saudiya Arabistoni va Turkiyada ham bor. Uchala davlat ham loyiha matni bo‘yicha muzokaralarni davom ettirmoqda. Bu masala qariyb 10 oydan beri kun tartibida”, — dedi Harraj.
Saudiya Arabistoni tomonidan hozircha rasmiy bayonot berilmadi.
Pokiston yadroviy qurolga ega davlatlardan biri hisoblanadi. Saudiya Arabistoni esa agar Eron yadroviy qurolga ega bo‘lsa, o‘zi ham shunday qurolga ega bo‘lish istagini bildirgani ma’lum.
“Muzokaralar va muloqotlar bor”
Tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan 15-yanvar kuni mahalliy va xorijiy jurnalistlar ishtirokida o‘tkazilgan yil yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida mintaqaviy hamkorlik masalasiga alohida urg‘u berdi.
Fidan Yaqin Sharqdagi surunkali muammolarning asosiy sababi mintaqa davlatlarining bir-biriga ishonmasligi ekanini, bu ishonchsizlik esa muammolar va ziddiyatlarni keltirib chiqarayotganini aytdi.
“Hudud davlatlari bir-birining xavfsizligiga kafolat berishi kerak. Bu tashqi kuchlar uchun emas. Agar mintaqa davlatlari bir-biriga ishonsa, muammolarning 80 foizi o‘z-o‘zidan hal bo‘ladi.
Ko‘rfaz davlatlari bir-biriga ishonishi kerak, boshqa davlatlar ham bir-biridan ishonch hosil qilishi lozim. Keng qamrovli platforma shakllangach, muammolarning katta qismi bartaraf etiladi, deb o‘ylayman”, — dedi Fidan
Vazir Fidan nutqi yakunida Saudiya Arabistoni va Pokiston o‘rtasidagi xavfsizlik tuzilmasi bilan bog‘liq jarayonlar haqida shunday dedi:
“Hozircha muzokaralar va suhbatlar bor, ammo biz hech qanday kelishuvga imzo chekmadik”, — dedi u.
Muzokaralar davom etmoqda, ammo kelishuv yo‘q
Hakan Fidanning bu bayonotidan Turkiya yaqin hamkorlik qilayotgan ikki davlat bilan xavfsizlik ittifoqi masalasini muhokama qilishda davom etayotgani, biroq asosiy maqsad — barcha mintaqa davlatlarini qamrab oladigan kengroq platforma yaratish ekani anglashiladi.
Turkiyaning Pokiston bilan allaqachon juda yaqin va tobora chuqurlashib borayotgan harbiy va mudofaa sohasidagi hamkorligi mavjud.
O‘tgan yili Hindiston bilan yuzaga kelgan to‘qnashuv paytida Turkiya Pokistonga, jumladan qurolli uchuvchisiz uchish apparatlari (SİHA) orqali harbiy yordam ko‘rsatgani haqidagi iddaolar ilgari surilgan, Hindiston hukumati esa bunga norozi bo‘lgan edi.
So‘nggi yillarda Turkiya, Ozarbayjon va Pokiston mudofaa sanoati va xavfsizlik sohalarida hamkorlik qilib kelmoqda.
Oxirgi vaqtlarda Turkiya va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi harbiy va mudofaa sanoati sohasidagi hamkorlik ham kuchaydi.
Ikki davlat 2022-yilda mudofaa sanoati sohasida hamkorlikni nazarda tutuvchi hujjat imzolagan.
Saudiya Arabistonining Turkiya ishlab chiqayotgan beshinchi avlod KAAN qiruvchi samolyotlari, SİHA’lar, Altay tanki va boshqa muhim harbiy texnikalarga qiziqish bildirgani haqida xabarlar tarqalgan.
Yaqinda ikki davlat dengiz kuchlari ham hamkorlikni boshladi.
Turkiya qanday platformani xohlaydi?
Tashqi ishlar vaziri Hakan Fidanning aytishicha, Turkiyaning maqsadi mintaqada yanada keng qamrovli xavfsizlik platformasini barpo etishdir.
Anqaraning afzalligi — Pokiston va Saudiya Arabistoni bilan bir qatorda Misr, Indoneziya, Malayziya, Qatar va Birlashgan Arab Amirliklari, shuningdek, Ko‘rfaz Hamkorlik Kengashiga a’zo barcha davlatlar ushbu tuzilma tarkibida bo‘lishidir.
Turkiya Indoneziya bilan ham tashqi ishlar va mudofaa vazirlari darajasida strategik uchrashuvlar o‘tkazdi.
Malayziya bilan esa mudofaa sanoatida qo‘shma loyihalar ko‘paygani, jumladan Turkiyaning bu mamlakatda harbiy kema ishlab chiqarish uchun tersanalar qurmoqchi ekani aytilmoqda.
Turkiyaning asosiy maqsadi — ushbu xavfsizlik platformasida barcha islom davlatlari bir-birining hududiy yaxlitligi va siyosiy suverenitetini hurmat qilishini, ichki ishlariga aralashmasligini o‘z ichiga olgan keng qamrovli hujjatni imzolashidir.
Fidanning “Bu platforma tashqariga qarshi emas” degan so‘zlari Saudiya Arabistoni–Pokiston hamkorligidan norozi bo‘lishi mumkin bo‘lgan Isroil va Hindiston kabi davlatlarga ishora sifatida baholanmoqda.
Isroil matbuotida chiqqan ayrim xabar va tahlillarda Turkiyaning ushbu kelishuvga qo‘shilishi Isroilning mintaqada shakllantirmoqchi bo‘lgan xavfsizlik ustunligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi qayd etilgan.


