Qashqadaryo viloyatida 19 yoshli taksi haydovchisiga nisbatan zo‘ravonlik holati sodir bo‘ldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u ishi davomida yo‘lovchi sifatida mashinasiga chiqqan qizning qarindoshlari tomonidan kaltaklangan.
Tergov organlari ma’lum qilishicha, 2006-yilda tug‘ilgan haydovchi Chugurtma qishlog‘ida yashovchi 9-sinf o‘quvchisini manzilga yetkazib qo‘yish uchun mashinasiga mindirgan. Holatni noto‘g‘ri talqin qilgan bir necha yigit uni kaltaklagan.
Yosh haydovchi bosh va ensa sohasi shikastlari, peshona qismida gematoma hamda tanasining turli joylarida shilingan jarohatlar bilan shifoxonaga murojaat qilgan. Shifokorlar bemorning holatini barqaror, qoniqarli deb baholamoqda.
Hozirda hodisa yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan surishtiruv va tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.


