15-oktabrdan boshlab “Tozalik va ozodalik oyligi” keng miqyosda o‘tkazilmoqda. Ushbu tashabbus doirasida poytaxtning barcha tumanlarida ekologiya boshqarmasi inspektorlari tomonidan atrof-muhit holatini nazorat qilish, chiqindilarni to‘g‘ri joylashtirish va noqonuniy tashlanayotgan chiqindilarni aniqlash bo‘yicha reyd tadbirlari olib borilmoqda.
Maqsad — atrof-muhitni asrash, hududlarda tozalikni ta’minlash va chiqindilarni to‘g‘ri yig‘ish tizimini yo‘lga qo‘yishdir.
Ekologiya boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, “Tozalik va ozodalik oyligi” boshlanganidan buyon poytaxt hududida 739 ta reyd tadbiri o‘tkazilgan. Natijada 584 ta ekologik qonunbuzilish holati aniqlangan. Huquqbuzarlarga nisbatan 357,6 million so‘m miqdorida ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan bo‘lib, shundan 57,2 million so‘m allaqachon undirilgan.
Shuningdek, tabiatga yetkazilgan 132,6 million so‘mlik zarar aniqlanib, uning 43,6 million so‘mi qoplangan.
Chiqindilar bilan bog‘liq yo‘nalishda esa 534 ta qonunbuzarlik holati bo‘yicha Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari asosida jarimalar belgilangan.
Tadbir doirasida tashkil etilgan ishchi guruhlarining asosiy vazifasi — noqonuniy chiqindi tashlash holatlarini aniqlash, bunday joylarni bartaraf etish va chiqindilarni to‘g‘ri yo‘q qilish jarayonlarini muvofiqlashtirishdan iborat.
Mazkur reydlar Toshkent shahrida tozalikni ta’minlash, ekologik muhitni sog‘lomlashtirish va fuqarolarning ekologik madaniyatini oshirishga qaratilgan.


