Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uzda dori vositalarini retsept bilan yoki retseptsiz berilish holatini onlayn tekshirish xizmati ishga tushirildi. Xizmat bepul va real vaqt rejimida ishlaydi.
Endilikda foydalanuvchilar dori nomini kiritish orqali O‘zbekiston hududida ro‘yxatdan o‘tgan dori vositalarini ko‘rishlari, ularning retsept bilan yoki retseptsiz sotilishi haqidagi ma’lumotni aniqlashlari mumkin. “Batafsil” tugmasi orqali esa dori shakli, ishlab chiqaruvchisi, yaroqlilik muddati va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganlik guvohnomasining amal qilish muddati haqida to‘liq ma’lumot olish mumkin.
Shuningdek, portalda tayinlangan elektron retseptlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham mavjud. Yangi xizmat elektron retseptlar bo‘yicha sinov loyihasi ishga tushirilganidan besh kun o‘tib joriy etildi.
So‘nggi kunlarda aholi dorixonalarda retsept talab qilinadigan dori vositalari va retseptsiz sotiladigan dori farqlari haqida ma’lumot olish imkonini so‘rab murojaat qilgan edi. Shu munosabat bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi va Farmatsevtika tarmaqlarini rivojlantirish agentligi dori vositalari ro‘yxatini jadvallar ko‘rinishida taqdim qilgan edi.


