Qozog‘istonda 2027-yilgacha haydovchisiz taksilarni tijoriy asosda yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Digital Bridge forumida mahalliy Jet Sharing IT-kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan loyiha haqida Qozog‘iston hukumati matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tizim sun’iy intellekt asosida ishlaydi va nafaqat avtomobil harakatini, balki buyurtmalarni taqsimlash hamda narx belgilash jarayonlarini boshqaradi. Dastlabki sinovlar uchun Alatau Siti shaharchasi tanlangan, keyingi bosqichlarda loyiha Ostona va Olmaota shaharlarida amalga oshiriladi.
Jet Sharing asoschisi Meyrambek Abelkasovning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya 2026-yilda sinov bosqichini boshlash va 2027-yilda to‘liq ishga tushirishni maqsad qilgan. Loyiha uchun eng katta texnik vazifa — shaharning yuqori aniqlikdagi 3D navigatsion xaritasini yaratish hisoblanadi.
Forum davomida, shuningdek, bir nechta innovatsion sun’iy intellekt loyihalari taqdim etildi:
Protektor AI — maktab va bog‘chalarda bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qiluvchi tizim bo‘lib, hozirda Qozog‘istonning 60 dan ortiq muassasasida faoliyat yuritmoqda.
Defect AI — tibbiy xatolarni kamaytirish va xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan AI-audit tizimi bo‘lib, allaqachon sakkizta klinikada joriy etilgan.
PocketDot — ko‘zi ojiz insonlar uchun yaratilgan innovatsion qurilma bo‘lib, foydalanuvchilarga Brayl yozuvida xabar yuborish, onlayn to‘lovlar amalga oshirish va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish imkonini beradi.


