Xitoyning Shensi provinsiyasida joylashgan Xijing kasalxonasi shifokorlari tibbiyot tarixida ilk bor genetik jihatdan o‘zgartirilgan cho‘chqa jigarini odamga muvaffaqiyatli ko‘chirib o‘tkazishdi. Bu haqda China Daily va Global Times nashrlari xabar berdi.
Bemor miya faoliyati to‘xtagan (ya’ni klinik jihatdan o‘lik) odam bo‘lgan. Jarayon davomida bemorning o‘z jigari olib tashlanib, uning o‘rniga genetik o‘zgartirilgan cho‘chqa jigar o‘rnatilgan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yangi jigar qon bilan to‘liq ta’minlangan, safro ishlab chiqargan va organizmda o‘z funksiyasini bajara boshlagan. Eng muhim jihati shundaki, inson tanasining immun tizimi cho‘chqa organiga nisbatan keskin rad javobi (hyperakut reaksiya) bildirmagan.
Operatsiya davomida barcha hayotiy ko‘rsatkichlar — qon aylanishi, jigarning ishlashi va moddalar almashinuvi — barqaror bo‘lib qolgan. Jarayon 10 kungacha kuzatuv ostida o‘tgan va tibbiy komissiyalar tomonidan rasmiy ravishda hujjatlashtirilgan.
Mutaxassislar buni xenotransplantatsiya (ya’ni hayvon organlarini inson tanasiga ko‘chirib o‘tkazish) sohasidagi yirik yutuq sifatida baholamoqda. U inson organlariga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirish va jigar yetishmovchiligi bilan og‘rigan bemorlar hayotini saqlab qolishda muhim qadam bo‘lishi mumkin.


