Ijtimoiy tarmoqlarda fuqaro R.K.ning aliment undirish bilan bog‘liq sud ishi yuzasidan noto‘g‘ri talqinlar va turli xulosalar tarqalayotgani bois, holatning rasmiy bayoni taqdim etildi.
2025-yil 26-iyunda arizachi Sh.I. Toshkent shahri fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkkasaroy tumanlararo sudiga murojaat qilib, qarzdor R.K.dan voyaga yetmagan qizi M.K. (2023-yil 5-oktabrda tug‘ilgan) ta’minoti uchun aliment undirish yuzasidan sud buyrug‘i chiqarishni so‘raganligi haqida xabar berilgan edi. 2025-yil 28-iyunda sud buyrug‘i qabul qilinib, R.K.dan Sh.I. foydasiga farzand voyaga yetguniga qadar har oy jami daromadining 1/4 qismi miqdorida aliment undirish belgilangan, shuningdek, davlat boji va pochta xarajatlari undiruvga qo‘shilgan.
Qarzdor R.K. belgilangan muddatda sud buyrug‘idan norozi bo‘lib, 2025-yil 21-iyul kuni e’tiroz kiritgan. Fuqarolik protsessual kodeksining 181-moddasiga muvofiq, e’tiroz asosida sud 2025-yil 23-iyuldagi ajrimi bilan sud buyrug‘ini bekor qilgan va arizachiga da’vo tartibida murojaat qilish huquqi tushuntirilgan.
Shundan so‘ng Sh.I. 2025-yil 5-avgust kuni Yakkkasaroy tumanlararo sudiga R.K.ga nisbatan aliment undirish talabi bilan da’vo arizasi kiritgan. Ish sud yurituviga qabul qilinib, 2025-yil 15-avgust kuni sud majlisida ko‘rib chiqildi.
Yakkkasaroy tumanlararo sudi bugungi chiqargan hal qiluv qaroriga ko‘ra, da’vo talabi to‘liq qanoatlantirildi. Sud qaroriga binoan, R.K.dan Sh.I. foydasiga voyaga yetmagan qizi M.K. ta’minoti uchun 2025-yil 28-iyundan boshlab, farzand voyaga yetguniga qadar har oy ish haqi va boshqa daromadlarining 1/4 qismi miqdorida aliment undirish belgilandi. Shuningdek, R.K.dan davlat foydasiga davlat boji va pochta xarajatlari undirildi.
Qaror ustidan qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya yoki kassatsiya shikoyati berilishi mumkin.


