“Liverpul”ning braziliyalik hujumchisi Roberto Firmino joriy mavsum yakunlanganidan so‘ng inglizlar jamoasini tark etishga qaror qildi. Bu haqda insayder Florian Plettenberg xabar berdi.
Manbaning xabariga ko‘ra, braziliyalik futbolchi yakuniy qarorni qabul qilgan. U qarorini shaxsan “Liverpul” bosh murabbiyi Yurgen Kloppga aytgan. Mersisaydliklar ustozi va Firmino o‘rtasidagi suhbat ijobiy o‘tdi. Futbolchi klub bilan shartnomasini uzaytirmaydi va yozda “Liverpul”ni tekinga tark etadi.
31 yoshli Firmino 2015-yildan buyon “Liverpul”da to‘p suradi. Braziliyalik hujumchi “qizillar” safida 352 o‘yin o‘tkazib, 107 gol urgan va 78 golli uzatmani amalga oshirgan. Firmino “Liverpul” bilan birgalikda Angliya chempioni (2020) va Chempionlar ligasi g‘olibi (2019) bo‘ldi va “Liverpul” bilan jami yettita sovrinni qo‘lga kiritdi.


