Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Yaponiya elchixonasiga 23-may kuni sodir bo‘lgan harbiy mashg‘ulotlar sabab keskin norozilik notasi yubordi. Bu haqda Rossiya TIV bayonotida ma’lum qilindi.
Bayonotga ko‘ra, Yaponiya dengiz xavfsizligi agentligining Kawagiri patrul kateri ishtirokidagi otishmalar Hokkaydo orolidagi Shiretoko burnidan 18,5 km shimolda, ochiq dengizda, chet el kemalari yaqinida va oldindan ogohlantirishsiz amalga oshirilgan.
“Rossiya Federatsiyasi chegaralari yaqinidagi bu kabi mas’uliyatsiz harakatlar xalqaro huquqning ochiq buzilishidir. Bu Rossiya fuqarolari hayoti va sog‘lig‘iga tahdid soladi va qat’iyan qabul qilib bo‘lmaydi”, — deyiladi TIV bayonotida.
Rossiya bunday voqealar takrorlanmasligini talab qilmoqda.


