Rasmiy xabarlarga ko‘ra, hodisa 16-dekabr kuni ertalab Gorki-2 posyolkasida joylashgan Uspenskaya maktabida yuz bergan. Qotillikni shu maktabning 9-sinf o‘quvchisi, 15 yoshli Timofey ismli bola sodir etgan.
Telegram kanallarda tarqalgan videotasvirlarda u o‘qituvchi bilan turgan o‘quvchilar guruhi oldiga borgani va ulardan qaysi millatdan ekanini so‘ragani aks etgan. Shu paytda ortdan maktab qo‘riqchisi yaqinlashib kelgan. Timofey unga avvaliga qalampirli ballon bilan hujum qilgan, so‘ng pichoq bilan bir marta zarba bergan va keyin o‘quvchilarga qarab yugurgan. Ulardan biriga yetib olib, tanasining turli joylariga bir necha marta pichoq sanchgan. U qotillikdan keyin o‘z qurbonining jasadi fonida selfi olgan.
Hodisa oqibatida tojik millatiga mansub Qobiljon ismli bola og‘ir tan jarohatlari olib, vafot etgan. U shu maktabning 4-sinfida tahsil olayotgan bo‘lgan. Umumiy hisobda, bir nafar bola halok bo‘lgani va uch kishi jarohat olgani aytilmoqda.
Voqea haqida soat 9:00 larda Moskva viloyati politsiyasiga xabar berilgan. Gumonlanuvchi hodisa joyidayoq qo‘lga olingan. Rossiya Tergov qo‘mitasi mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.
Ayrim ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarda gumonlanuvchining kiyimida millatchilik va neonatsistik qarashlarga ishora qiluvchi yozuvlar bo‘lgani aytilmoqda.
Hujumdan bir necha kun oldin Timofey sinfdoshlariga o‘zi yozgan “Mening g‘azabim” nomli manifestini yuborgan. Ushbu manifestda Timofey jamiyatdan nafratlanishini yozib, odamlarni “biochiqindi” deb atagan. Shuningdek, muammolarda musulmonlarni, LGBT vakillarini, yahudiylarni, antifashistlarni, liberallarni va muxolifatchilarni ayblagan.
Timofeyning telefonidagi galereyada selfilar va halok bo‘lgan maktab o‘quvchisining surati aniqlangan. Shuningdek, uning kaskasida 2022-yilda AQShda sodir etilgan ommaviy otishmaga ishora qiluvchi yozuv ham bo‘lgan.
Timofey “Hech kimning hayoti ahamiyatga ega emas” yozuvi tushirilgan futbolkada bo‘lgan. Bundan tashqari, o‘smirning boshida amerikalik neonatsist, 2015-yilda Charlston shahridagi cherkovda to‘qqiz nafar qora tanlini o‘ldirgan Dilan Rufdan iqtiboslar yozilgan shlem bo‘lgan. Unda: “Buni men qilishimga to‘g‘ri keldi, chunki kimdir nimadir qilishi kerak edi”, degan yozuv ham mavjud.
Rossiya Tergov qo‘mitasi qotillik va suiqasd moddalari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Moskva oblasti gubernatori Andrey Vorobyov maktab o‘quvchilariga qilingan hujumni “dahshatli va haddan tashqari shafqatsiz” deya baholadi.
Hozirda hodisa bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda. Jamoatchilik markaziy osiyolik bolaning o‘ldirilgani Rossiya OAVlari tomonidan keng yoritilmayotganidan norozilik bildirmoqda. Internet tarmoqlarida esa bolasi halok bo‘lgan tojik ayolning hanuz maktabdan farzandining chiqishini kutib turgani aks etgan kadrlar jamoatchilik yuragini larzaga solmoqda.


