Rossiya Federatsiyasi mehnat muhojirlari uchun majburiy tibbiy ko‘rik tartiblarini kuchaytirmoqda. Bu haqda Rossiya Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodin maʼlum qildi.
Yangi tartiblarga ko‘ra, Rossiyaga uch oydan ortiq muddatga kelgan chet el fuqarolari majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari lozim bo‘lgan muddat 90 kundan 30 kungacha qisqartiriladi. Tibbiyot muassasalari tekshiruv natijalarini Rossiya Ichki ishlar vazirligiga, yuqumli kasalliklar aniqlangan taqdirda esa Rospotrebnadzorga taqdim etishi shart bo‘ladi.
Mazkur chora-tadbirlar qonunbuzarlik holatlari aniqlangan taqdirda migrantlarni tezkor tartibda mamlakatdan chiqarib yuborish imkonini yaratishga qaratilgan. Majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan shaxslarga nisbatan maʼmuriy javobgarlik choralari, jumladan, jarima va sud qarori asosida deportatsiya qo‘llanilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, migrantlarning sog‘lig‘i holatiga oid hujjatlarni qalbakilashtirish jinoyat deb baholanadi.
Vyacheslav Volodinning taʼkidlashicha, ushbu choralar migrantlar ustidan nazoratni kuchaytirish hamda jamoat xavfsizligini taʼminlashga xizmat qiladi.


