Rossiya musulmonlari diniy boshqarmasi huzuridagi Ulamolar kengashi musulmon kuryerlarining mehnat faoliyatiga doir yangi diniy fatvoni e’lon qildi. Ushbu hujjat musulmonlar tomonidan yetkazib berilishi mumkin bo‘lgan mahsulotlar turlarini aniq belgilab, halol va nohalol tovarlarni tashish borasida qat’iy mezonlar o‘rnatadi.
Fatvoga ko‘ra, ruxsat etilgan (halol) tovarlar qatoriga qonuniy tartibda so‘yilgan hayvonlarning go‘shti, don mahsulotlari, sut, sariyog‘, meva-sabzavotlar kiradi. Shuningdek, kiyim-kechak, mebel, idish-tovoq, dori vositalari, elektronika, ofis anjomlari kabi nooziq-ovqat turidagi tovarlarni tashish ham halal hisoblanadi.
Taqiqlangan mahsulotlar sifatida esa alkogolli ichimliklar, qimor o‘yinlariga oid jihozlar, but va butparastlik atributlari, cho‘chqa go‘shti yoki diniy talabga zid tarzda so‘yilgan hayvon mahsulotlari ko‘rsatib o‘tilgan.
Shu bilan birga, fatvoda ayrim istisnolar ham nazarda tutilgan. Jumladan, agar kuryer taqiqlangan mahsulotlarni utilizatsiya (yo‘q qilish) maqsadida tashiyotgan bo‘lsa, bu holat man etilmaydi. Shuningdek, ruxsat etilgan tovarlar ulushi ustun bo‘lgan aralash yuklarni yetkazib berish xayriya qilish sharti bilan joiz deb topilgan.
Ulamolar kengashi daromad manbai halolligiga shubha tug‘ilgan hollarda uni xayriya yo‘li bilan poklash mumkinligini ham eslatib o‘tgan.
Mazkur qaror musulmon kuryerlar mehnatini diniy me’yorlarga muvofiqlashtirish, halol mehnat tamoyillarini keng targ‘ib qilishga xizmat qiladi.


