Rossiyada tug‘ilib, shifoxonada tashlab ketilgan o‘zbekistonlik chaqaloq onasi bilan birga O‘zbekistonga olib kelindi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi ma’lum qildi. Holat Yekaterinburg shahridagi tibbiyot muassasasida qayd etilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan ayol juda zaif tug‘ilgan, maxsus tibbiy vakuumda parvarish qilinayotgan chaqalog‘idan voz kechmoqchi ekanini bildirgan. Oradan uch kun o‘tgach, u go‘dakni shifoxonada qoldirib, muassasani tark etgan. Shundan so‘ng shifoxona vakillari ushbu holat yuzasidan O‘zbekistonning Bosh konsulxonasiga murojaat qilgan.
Diplomatlar tomonidan ayol topilib, u bilan tushuntirish ishlari olib borilgan. Natijada bola hujjatlari rasmiylashtirilib, ona va chaqaloq uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi. Tibbiy xizmatlar xarajatlari Rossiyadagi o‘zbekistonlik tadbirkorlar tomonidan qoplangan. Ona va bola Yekaterinburg–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekistonga qaytarildi.


