1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Rossiyadan O‘zbekistonga yana xavfli signal chalindi

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi Solovyovning Markaziy Osiyo va Armanistonga ham Ukraindagi kabi “maxsus harbiy operatsiya” o‘tkazishni taklif qilganiga qarshi bayonot beraman degunicha yana bir rossiyalik propagandist Aleksandr Dugin possovet makonida suveren davlatlar mavjud bo‘la olmasligi haqida gapirdi.

Rossiyadan O‘zbekistonga yana xavfli signal chalindi

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi Solovyovning Markaziy Osiyo va Armanistonga ham Ukraindagi kabi “maxsus harbiy operatsiya” o‘tkazishni taklif qilganiga qarshi bayonot beraman degunicha yana bir rossiyalik propagandist Aleksandr Dugin possovet makonida suveren davlatlar mavjud bo‘la olmasligi haqida gapirdi.

 

 

Propagandistning aytishicha, hozirda uch qutbli dunyo shakllanishi va bu yerda Rossiya “kuch markazi”ga aylanishi va atrofidagi hududlarni o‘z nazoratiga olishi kerak.

 

“Bizning maqsadimiz — ushbu uch qutbli dunyoda eng muhim kuch markazlaridan biri bo‘lish va shunday markazga aylanishdir: suveren, erkin, mustaqil va ulkan. Va biz nazoratimiz ostiga oladigan barcha hududlar betaraf bo‘lib qolmaydi, tinch Shveysariyalar bo‘lib ham qolmaydi”, — deydi u.

 

Duginning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya nazorati ostida bo‘lmaydigan hududlar AQSH va Yevropa Ittifoqi, shuningdek, Xitoyning “forpostlariga aylanadi. “Ular yoki bizning yagona ittifoqimizning bir qismiga, yoki G‘arbning plasdarmiga aylanadi”, – deydi rus “faylasuf”.

 

Shu bilan birga Dugin avvalgi sobiq SSSR davridagi mamlakatlarni mustaqilligini rad etdi.

 

“Shu sababli suveren Armaniston, suveren Gruziya, suveren Ozarbayjon, suveren Qozog‘iston, shuningdek suveren O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistonning mavjud bo‘lishiga rozi bo‘lib bo‘lmaydi. Ushbu yangi modelda hech qanday suveren narsa mavjud bo‘lishi mumkin emas. Tamom, suverenitet tugadi, milliy davlatlar o‘tmishda qoldi. Bu chiqindi”, — dedi propagandist.

 

Bunday propagandistning chiqishidan keyin o‘zbek jamoatchilik faollari yana “oyoqqa turib”, unga qarshi fikrlar bilan “hujumga o‘tdi”.

 

Xususan, “Ezgulik” Inson huquqlari jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov “o‘ris shovuninimi, propagandasi aqldan ozganini o‘zining Facebook tarmog‘ida yozdi.

 

Tashanovga ko‘ra, “rus dunyosi” g‘oyasining asosiy nazariyachisi Aleksandr Duginning gaplari ichimizdagi o‘risqullarning, xoinlarning hislarini jilovlamoqda. Shuningdek, u hozirgi axboriy jarayonda propagandistlar (tahririyat) ommaning qulog‘ini ana shunday imperiyachilik g‘oyalari bilan moslashtirmoqda.

 

“Bunday paytlarda davlat o‘zining davlatchiligini qilishi kerak. Kamida elchini chaqirib, nota topshirish kerak. Solovyov degani akillaganida tepadan ayrim shaxslarga Solovyovning shaxsiga urg‘u beringlar, masalani siyosiylashtirib, katta og‘amizni bezovta qilmanglar, degan ko‘rsatmalar bo‘libdi, deb eshitib xafa bo‘lib ketdim. Mana oqibati — endi boshqasi chiqyapti.

 

Bularning hammasiga “o‘zingning bulbulingni o‘yna” deyish bilan qutulolmaymiz. Bu yerda biroz jurʼat, siyosiy fahm bo‘lishi kerak. Hukumatimizga jurʼatni sizu biz beramiz, xurujlarga befarq bo‘lmaylik!”, — deya so‘zini yakunladi.

 

Milliy tiklanish demokratik partiyasining 16 yanvarda o‘tkazgan matbuot anjumanida Qodirovning aytishicha, Rossiya o‘zicha o‘zining haqlarini talab qilayotgan mamlakat, lekin, qo‘shnilari uchun xavf yaratish darajasiga kelib qolgan davlat.

 

“Rossiya Federatsiyasi o‘zining haqqi uchun qilayotgan ishlari qo‘shnilariga zarar berishni boshlayotganini hammamiz ko‘rib turibmiz. Bunga Rossiya-Ukraina urushi yaqqol misol.

 

ʼAndishaning otini qo‘rqoq qo‘yishʼ degan maqol borku bizda. O‘zbekistonning tinchlikparvarligini, O‘zbekistonning bag‘rikengligini o‘zicha talqin qilayotgan kuchlarga endi keskinroq qarash vaqti keldi deb o‘ylayman. Masalan mana shu Solovyovning gaplari o‘zining shaxsiy fikri ekanligini va provokatsiya ekanligini aytdim”, —  dedi Qodirov.

 

Unga ko‘ra, shimol tomondan kelayotgan mana shunday provokatsion bayonotlarga qarshi biz gap qaytarish bilan qolib ketmasligimiz kerak. Kerak bo‘lmasa xalqaro maydonda bu muhokama qilish kerak.

 

Qodirov endi Milliy tiklanish demokratik partiyasi O‘zbekiston suverenitetiga xavf soladigan shaxslar yaʼni nomaqbul shaxslar ro‘yxatini shakllantirishni va bu ro‘yxatni hukumatga taqdim etishini aytdi.

 

Jurnalist Ilyos Safarovga ko‘ra, rossiyalik propagandistlarning ketma-ket bunday chiqishlari oddiy tasodif emas, bu individual ham emas. Bu juda aniq xavfli, mafkuraviy signal.

 

Shuningdek, Safarov bunday sharoitda “sodda, yumshoq diplomatiya” ishlamasligini aytdi. Chunki kuch siyosatini targ‘ib qilayotgan tomon faqat kuchni va qatʼiy pozitsiyasini tan oladi.

 

“Tashqi ishlar vazirligi va mamlakat rahbariyati tushunishi kerak: suverenitetimizning ochiq inkor etilishini javobsiz qoldirish xavfsizlik vakuumini yuzaga keltiradi. Doimiy sukut — betaraflik yoki bosiqlik emas, balki zaiflik sifatida qabul qilinadi.

 

Shu sabab, yana qaytaraman, birinchi va eng tabiiy javob sifatida bunday chaqiriqlar bilan chiqqan shaxslarni “persona non grata” deb eʼlon qilishni boshlang. Ortiq kutish mumkin emas”, — deydi Safarov.

 

Shuningdek, u urush va bosqinchilik mafkurasini targ‘ib qilayotgan Rossiya telekanallarini O‘zbekiston hududida bloklashni taklif qilmoqda.

 

Safarov agar bunday choralar ham ish bermasa, Markaziy Osiyo davlatlari birlashib, ochiqcha siyosiy javobni kun tartibiga chiqarish kerakligini taʼkidlamoqda.

 

Yuksalish umummiliy rahbari Bobur Bekmurodovning aytishicha, Dugin gapirgan gapi uchun qisqa vaqt ichida qmutanosib tarzda javob oladi.

 

“O‘zbekistonni biz himoya qila olamiz. Hamma bilib qo‘yishi kerak. Barcha, O‘zbekistonning suvereniteti haqida shubha bildirilayotgan har bir kuch yoki har bir shaxs aniq bilishi kerak. Biz O‘zbekistonni himoya qila olamiz. O‘zbekistonni tanlagan yo‘lidan qaytarish hech kimning qo‘lidan kelmaydi”, — degan u.

 

Amerikada tahsil olayotgan siyosatshunos Otabek Akromov esa akademik muhitdan chiqqan Duginning gaplarini siyosiy signal sifatida qabul qilib, ortiqcha signal berish shart emas.

 

Uning aytishicha, ortiqcha hissiyot va to‘la reaksiya qanchalik ko‘p bo‘lsa, tashqi tomondan shunchalik zaif ko‘rinamiz.

 

“Xalqaro siyosatda ham shunga o‘xshash qoida bor: kim suverenitet haqida baqirib gapirsa, ko‘pincha uning o‘zi suveren emasligini namoyon qiladi. Haqiqiy suverenlik bayonotlarda emas, qaror qabul qilish qobiliyatida va amaliy mustaqillikda ko‘rinadi.

 

Lekin bu uni aytgan fikrlarni mutlaqo inkor etish yoki eʼtiborsiz qoldirish kerak degani emas. Chunki Dugin — shunchaki marginal publisist emas, balki Rossiyadagi geosiyosiy tasavvurlarni shakllantirgan asosiy ideologlardan biri”, — deya yozadi u o‘zining Telegram sahifasida.

 

Jurnalist Shokirojonov ham rus propagandistiga qarshi o‘z fikrini bildirdi.

 

Uning aytishicha, 2022 yilning 20 avgust kuni Dugin millatchiligi orqasida ukrainaliklar uni o‘ldirib yuborishmoqchi bo‘lgan. Biroq uning o‘rniga qizi o‘lib ketgan.

 

“Shunaqa fashistona chiqishlarim tufayli ukrainlar menga qasd qilib, guldek qizimni o‘ldirib yuborishdi, deb o‘ylab ham ko‘rmaydi. Bir oyog‘i go‘rda bo‘lgan chol tinch-totuv yashayotgan davlatlar orasiga nifoq solish bilan band. Mudom urush kerak unga. Holbuki, pishakni oshqozonicha oshqozoni yarim kosa borshchga ham to‘yadi. Nima kam bu alkashga?! Nima yetmayapti?!

 

Go‘ridan turib tomosha qilib yotadimi o‘sha o‘zi xohlagan imperiyani?! Yo bu ham 150 yil yashamoqchimi?”, — deya yozadi u Facebook tarmog‘idagi sahifasida.

 

Jurnalistga ko‘ra, bu kabi shaxslarning maqsadi Yevropaga urush ochib, ularni bo‘ysundirish.

 

“Ukrainaga kuchi yetmay turgan bir paytda! Bularga ulkan urush uchun “to‘pemilar kerak. Yosh norg‘ul yigitlar qayerda ko‘p?! SSSR tarqaganidan buyon tug‘ilish kamaymagan, aholisi o‘sgan yurtlarda, albatta. Bizda! Rossiyada ishlab yurgan migrantlarimizni ham so‘rab o‘tirmasdan urushga otish — oliy orzusi bu marazlarning.

 

Kimdir “Rossiyaga qo‘shilsak gugurt yana 1 tiyin bo‘ladi”, deb orzumand chiqar. Lekin, bilib qo‘y, maraz: gugurt emas, bolang, nevarang 1 tiyin bo‘ladi. Chunki urushda uchadi. Sen “Velikaya” deb sanaydigan, ishonadigan “O‘russiyang uchun”, — deya fikrini tugatadi Shokirjonov.

 

Yuridik fanlari nomzodi G‘ulomjon Xakimov o‘zining Telegram sahifasida bu shovinstlarning chiqishini o‘lim oldi talvasaga o‘xshatganini yozgan. Shuningdek, u bunday shaxslar Rossiyadan katta tezlikda demografik inqiroz yuz berayotgan va buning ustiga jahon hamjamiyati undan yuz o‘girgan vaqtida aljirab qolshini aytgan.

 

Yana bir jurnalist Maftuna Karimovaning aytishicha, biznikilar haqiqiy xavf chetda qolib, o‘z fuqarolari bilan kurash olib boryapti.

 

“Jiddiy axborot urushi bosqichiga kirdik menimcha. Lekin biz bunga tayyor emasmiz. Xotinlarga qarshi kurashguncha, global xavflarga qarshi kurashishsa bo‘lardi”, — deydi u.

 

Endi Rossiyaning propagandisti Aleksandr Dugin haqida qisqacha maʼlumot bersam. U rossiyalik faylasuf va publitsist, neoyevrosiyochilikning asosiy mafkurachilaridan biri hisoblanadi. 

 

U “Foreign Policy” jurnali tomonidan 2014 yilda dunyoning eng nufuzli 100 nafar mutafakkiri ro‘yxatiga kiritilgan. U Ilin nomidagi Oliy siyosiy maktabni hamda Xalqaro Yevrosiyo harakatini boshqaradi.

 

Dugin bir necha bor ultramillatchi va radikal qarashlari (ko‘plab tadqiqotchilar va huquq himoyachilari tomonidan fashistik yoki fashizmga yaqin deb baholangan) uchun ko‘p marta tanqidga uchragan. U “dushman” davlatlarga kuch ishlatish va ularni yo‘q qilishga chaqirishi, shuningdek, antiliberal, G‘arbga va Ukrainaga qarshi ritorikasi bilan tanilgan. “DV” maʼlumotlariga ko‘ra, u bir necha yildan beri Qozog‘istonda persona non-grata deb eʼlon qilingan.

 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq rossiyalik boshqa propagandist Solovyov Markaziy Osiyo va Armanistonnga Ukrainadagi kabi “harbiy operatsiya” o‘tkazish kerakligi haqida gapirib chiqqan edi. Oradan ancha vaqt o‘tib, Rossiya tashqi ishlar voizi Mariya Zaxarova Solovyovning gaplari Rossiyaning rasmiy fikri emas, balki bu gaplar uning shaxsiy fikri ekanligini aytgan.

 

Solovyoning chiqishlari haqida Zamon.uzʼning YouTube sahifasidan qidiring.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика