1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jahon

Rossiyaga muhojirlarni sug‘urta polisi va tibbiy ma’lumotnoma bilan kiritish tizimi taklif etildi

Yangi tartib xorijiy ishchilarning tibbiy nazoratini kuchaytirish va soxta hujjatlar muammosini bartaraf etishga qaratilgan.

Rossiyaga muhojirlarni sug‘urta polisi va tibbiy ma’lumotnoma bilan kiritish tizimi taklif etildi

Rossiya Davlat Dumasi mamlakatga kirayotgan xorijliklar uchun yangi talablarni joriy etishni taklif qildi. Taklifga ko‘ra, muhojirlar Rossiya hududiga kirishda tibbiy sug‘urta polisi va ayrim kasalliklar yo‘qligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma taqdim etishlari shart bo‘ladi.

 

Bu tashabbus Davlat Dumasining Mehnat, ijtimoiy siyosat va faxriylar ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Yaroslav Nilov tomonidan ilgari surilgan bo‘lib, u bu chora Rossiya xavfsizligi va sog‘liqni saqlash tizimi manfaatlariga to‘liq mos kelishini ta’kidladi.

 

Nilovning so‘zlariga ko‘ra, xorijlik ishchilar hozirda patent olish jarayonida tibbiy ko‘rikdan o‘tadi, biroq bu mamlakat ichkarisida ma’lum vaqtni talab qiladi. Shu sababli, ularning ayrim yuqumli kasalliklardan xoli ekanini tasdiqlovchi hujjatlarni oldindan taqdim etish tizimini joriy etish zarurligi qayd etildi.

 

Deputat, shuningdek, soxta tibbiy sertifikatlarning oldini olish maqsadida qo‘shimcha tibbiy tekshiruvlarni saqlab qolish lozimligini bildirdi. Nilovning fikricha, xuddi shunday tamoyil tibbiy sug‘urta polislariga ham tatbiq etilishi kerak.

 

Bugungi kunda qonunchilikda har bir chet el fuqarosi Rossiya chegarasidan o‘tayotganda sug‘urtaga ega bo‘lishi belgilangan. Biroq amalda bu talab to‘liq bajarilmayapti. Shuning uchun bizning taklif shunday: sug‘urta bo‘lmasa — mamlakatga kirish ham bo‘lmaydi, — dedi Yaroslav Nilov.

 

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi tizim joriy etilgach, xorijiy fuqarolar sug‘urta polislarini elektron shaklda onlayn xarid qilib, chegarada tegishli ma’lumotni taqdim etishlari mumkin bo‘ladi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика