Samarqand viloyatining Tayloq tumanida sodir bo‘lgan fojiali yo‘l-transport hodisasi bo‘yicha sud hukmi e’lon qilindi. Tergov materiallariga ko‘ra, “Lacetti” rusumli avtomobil haydovchisi 21-iyun kuni soat 19:00 atrofida Do‘stlik mahallasida tezlikni oshirib, yo‘l chetida turgan bolani urib yuborgan va voqea joyidan qochib ketgan. Jabrlanuvchi — besh yoshli qiz — olgan og‘ir tan jarohatlari oqibatida voqea joyida halok bo‘lgan.
Sud majlisida erkak o‘z aybiga iqror bo‘lib, pushaymonligini bildirib, vafot etgan qizning oila a’zolaridan kechirim so‘ragan va moddiy ahvoli og‘irligini ko‘rsatib, suddan buni yengillashtiruvchi holat sifatida ko‘rib chiqishni so‘ragan.
Sud hukmiga ko‘ra, haydovchi besh yil olti oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi hamda jazoni o‘tab bo‘lgach, ikki yil davomida transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinadi.


